Talabalar turar joyida maxsus uchrashuv
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva 2026-yil 19-yanvar kuni universitetning 1- va 2-talabalar turar joylariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida prorektor talabalar uchun yaratilgan yashash sharoitlari, turar joylarda mavjud ma’naviy-ma’rifiy muhit hamda ichki tartib-qoidalarga rioya etilishi holati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, talabalar bilan samimiy va ochiq muloqot olib borilib, ularni qiziqtirgan dolzarb masalalar, o‘qish va yashash jarayoniga oid savollar atroflicha muhokama qilindi. Bildirilgan murojaatlar yuzasidan aniq va tushunarli javoblar berildi.
Uchrashuv jarayonida talabalar o‘rtasida ichki tartib-intizomga qat’iy amal qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘zaro hurmat va hamjihatlikka asoslangan ijobiy ma’naviy muhitni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Gulnoza Jo‘rayeva tomonidan talabalarga kundalik hayotda mas’uliyatni his etish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda shaxsiy rivojlanishga e’tibor qaratish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi, tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Mazkur tashrif talaba-yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etib, ularning fikr va takliflarini bevosita o‘rganish, mavjud muammolarga joyida yechim topish hamda universitet rahbariyati bilan talabalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Uchrashuv yakunida talabalarning faolligi va bildirilgan takliflari kelgusida e’tiborga olinishi ta’kidlandi.


