Yangiliklar

img
Sat, 11/08/2025 - 16:42

Talabalar turar joyida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganildi

Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor Rustam Joʻrayev hamda Toshkent shahar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Bunyod Rajabov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurib, rektor, akademik Shuhrat Sirojiddinov va mas’ullar bilan birgalikda Talabalar turar joyining kuz-qish mavsumiga tayyorlik holati hamda talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlar yotoqxonaning isitish tizimlari, infratuzilmasi, yong‘in xavfsizligi vositalari va sanitar holatini koʻzdan kechirdilar. Shuningdek, oshxona, kutubxona, sport zali va dam olish maskanlarida yaratilgan qulayliklar bilan tanishib, talabalar uchun xavfsiz va iliq muhitni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Rustam Joʻrayev talabalar bilan samimiy suhbat oʻtkazib, ularning yashash sharoitlari, ta’lim jarayoniga bo‘lgan munosabati va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi fikrlarini tingladi. Talabalar davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdilar.

 

Tashrif yakunida mehmonlar universitetda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va talabalar farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholab, bu boradagi izchil chora-tadbirlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.