Yangiliklar

img
Mon, 01/19/2026 - 11:15

Talabalar teatr studiyasi ko‘rik-tanlovining 2-hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 17-noyabr kuni To‘qimachilik va yengil sanoat universitetida “Talabalar teatr studiyasi” ko‘rik-tanlovining 2-hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bosqichda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oriental instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoalari ishtirok etdi.

Tanlov davomida teatr san’atini rivojlantirish, yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirni namunali tashkil etishdagi samarali faoliyati uchun “Eng yaxshi tashkilotchi” nominatsiyasi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva taqdirlandi.

Bellashuv jarayonida talabalar o‘zlarining sahnaviy mahoratlarini katta sahnada yorqin namoyon etdilar. Xususan, bir vaqtning o‘zida uchta ko‘rinish va uch xil xarakter obrazini mahorat bilan ijro etgan talabamiz Diyorbek Murodillayev hakamlar hay’ati tomonidan “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasiga loyiq deb topildi.

  

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan sahnalashtirilgan “Baxtli bo‘l, dugonajon” nomli sahna asari yuqori baholanib, jamoa keyingi mintaqaviy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

  

Keyingi bosqichda ijodiy jamoamizga ulkan zafarlar va yorqin g‘alabalar tilab qolamiz.