Yangiliklar

img
Mon, 01/26/2026 - 18:28

Talabalar so‘rovnomalari natijalari tahlil qilinib, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi va universitetning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi bilan hamkorlikda 2025–2026-o‘quv yili davomida ta’lim sifatini baholash, mavjud imkoniyatlarni takomillashtirish hamda talabalar va magistrantlarning fikr-mulohazalarini o‘rganishga qaratilgan so‘rovnomalar o‘tkazildi.

So‘rovnomalarda ta’lim mazmunining zamonaviy talablarga muvofiqligi, mashg‘ulotlarning sifati va samaradorligi, baholash jarayonining shaffofligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanganlik, elektron o‘quv-uslubiy resurslardan foydalanish, kasbiy amaliyotni tashkil etish hamda talabalar takliflarini inobatga olish kabi muhim masalalar qamrab olindi.

Olingan natijalar kafedrada muhokama qilinib, aniqlangan ehtiyojlar asosida ta’lim jarayonini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Xususan, fan dasturlari va sillabuslarni zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, amaliy mashg‘ulotlarda interfaol metodlar va raqamli vositalardan foydalanishni kengaytirish, baholash mezonlarini talabalarga oldindan yetkazish hamda elektron o‘quv-uslubiy materiallarni boyitish bo‘yicha ishlar belgilandi.

Shuningdek, kompyuter texnikasi va dasturiy ta’minot bilan bog‘liq ehtiyojlarni o‘rganish, kasbiy amaliyot bazalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar tomonidan bildirilgan takliflarni tizimli ravishda ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

So‘rovnoma natijalari va ular asosida amalga oshirilayotgan ishlar talabalar hamda magistrantlarga yetkazilib, ta’lim jarayonidagi muammolarni birgalikda aniqlash va ularni bartaraf etish muhimligi ta’kidlandi. Belgilangan chora-tadbirlar ijrosini monitoring qilish, amalga oshirilgan ishlar samaradorligini baholash va natijalarni keyingi so‘rovnomalar bilan taqqoslash rejalashtirildi.

Mazkur tashabbuslar universitetda ta’lim sifatini izchil oshirish, o‘quv jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, talabalar manfaatlari va takliflarini inobatga olgan holda ta’lim muhitini takomillashtirishga xizmat qiladi.