Yangiliklar

img
Tue, 11/17/2026 - 18:06

Talabalar kuni nişonlandi

17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan talabalar uchun ko‘tarinki kayfiyat va bayramona muhitga boy madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalik davrining mazmun-mohiyatini ulug‘lash, yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Bayram dasturi davomida talabalar tomonidan tayyorlangan rang-barang sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Unda yoshlarning hayoti, talabalik davriga xos quvonchli lahzalar, do‘stlik, mehr-oqibat va insoniy qadriyatlar badiiy talqin orqali aks ettirildi. Mazmunli chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, tadbirning badiiy-estetik ahamiyatini yanada oshirdi.

Shuningdek, bayram dasturidan o‘rin olgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Iste’dodli talabalar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. Jarangdor ovozlar, dilga yaqin taronalar va samimiy ijrolar bayram shukuhini yanada kuchaytirdi.

Tadbir davomida namoyish etilgan raqs chiqishlari ham tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Milliy va zamonaviy raqs unsurlarini o‘zida mujassam etgan chiqishlar yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishi, ijodiy izlanishlari va sahna madaniyatini namoyon etdi. Har bir chiqish talabalarning tayyorgarligi, tashabbuskorligi va jamoaviy hamkorligi samarasi sifatida e’tirof etildi.

 

Mazkur bayram tadbiri talabalarga unutilmas taassurotlar, samimiy quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Zero, talabalik – inson hayotidagi eng sermazmun, imkoniyatlarga boy va unutilmas davrlardan biri. Bunday tadbirlar yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni yangi marralar sari ruhlantirish, universitet hayotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda talabalik yillarini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.