Talabalar bandligini ta'minlash bo'yicha muhim shartnoma imzolandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, “Naimix” xususiy bandlik agentligi hamda “United Skills Hub” o‘quv markazi o‘rtasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, O‘zbekiston FA akademigi Shuhrat Sirojiddinov, “Naimix” xususiy bandlik agentligi rahbari S. Qushoqov hamda “United Skills Hub” o‘quv markazi direktori D. Raximova imzo chekdi.
Mazkur memorandum asosida tomonlar ta’lim sifatini oshirish, talabalar va mutaxassislarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos tarzda tayyorlash, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, xorijiy tajribani o‘rganish hamda innovatsion ta’lim yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar.

Shuningdek, qo‘shma o‘quv va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, xorijiy ish beruvchilar bilan aloqalarni mustahkamlash, raqamli ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda yoshlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish rejalashtirilgan.

Ushbu memorandum ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

