Yangiliklar

img
Fri, 01/23/2026 - 17:31

“Talaba–yugur” sport musobaqasi o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi hamda Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi bilan hamkorlikda qabul qilingan 2025-yil 11-martdagi 10-Q/Q-son qo‘shma qaror ijrosini ta’minlash maqsadida **Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti**da “Talaba–yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasi tashkil etildi.

Mazkur qo‘shma qaror bilan “Talaba–yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasi Nizomi, Tashkiliy qo‘mita tarkibi hamda Kalendar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu hujjatlar asosida musobaqa belgilangan tartib va talablar doirasida o‘tkazildi. Musobaqa bosh murabbiy Alimboeva Roziya Davulboevna rahbarligida ishlab chiqilgan reja asosida tashkil etildi.

“Talaba–yugur” sport musobaqasining asosiy maqsadi talabalar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni muntazam jismoniy faollikka jalb etish, sport bilan doimiy shug‘ullanishga undash hamda ijtimoiy faollikni oshirishdan iborat bo‘ldi. Bellashuv jarayonida talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi va sportga bo‘lgan qiziqishi yanada kuchaydi.

Mavsum yakunlariga ko‘ra, musobaqada faol ishtirok etgan oliy ta’lim muassasasi talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantirildi. Jumladan, Ruxshona G‘ofurova, Maftuna Dadajonova, Javohir Abdumurodov hamda Shaxzodbek Rajapov moddiy rag‘batlantirish hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimi universitetning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari orqali keng jamoatchilikka yetkazildi.

 

Mazkur sport musobaqasi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda jamoaviylik va mas’uliyat hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Kelgusida “Talaba–yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasini an’anaviy tarzda davom ettirish, ishtirokchilar sonini kengaytirish, sport yo‘nalishlari ko‘lamini oshirish hamda talabalar o‘rtasida ommaviy sport harakatlarini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar orqali universitetda sog‘lom, jismonan chiniqqan, ijtimoiy faol va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.