Yangiliklar

img
Wed, 10/29/2025 - 16:47

Talaba-yoshlar o‘rtasida profilaktik uchrashuv o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida yot g‘oyalar, mafkuraviy va axborot xurujlari, ommaviy madaniyat, giyohvandlik, OITS, odam savdosi, diniy ekstremizm va terrorizm, korrupsiya, missionerlik, ichkilikbozlik, jinoyatchilik hamda boshqa salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan umumprofilaktik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda universitet rahbariyati, psixologlar, profilaktika inspektorlari hamda tajribali mutaxassislar ishtirok etib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik, halollik va mas’uliyat tuyg‘ularini kuchaytirish masalalarida fikr-mulohazalar almashdilar.

Tadbir davomida talabalar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, ularni sog‘lom turmush tarziga, milliy qadriyatlarni e’zozlashga, turli buzg‘unchi g‘oyalar va zararli odatlarga berilmaslikka chorlovchi tavsiyalar berildi. So‘zga chiqqan mutaxassislar giyohvandlik, ichkilikbozlik, diniy ekstremizm, korrupsiya va jinoyatchilik kabi illatlarning shaxs va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida atroflicha tushuntirish berdilar.

 

Shuningdek, universitetda ichki tartib-intizom, odob-axloq me’yorlari hamda talabalarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Guruhlar kesimida muntazam tarzda o‘tkazilayotgan profilaktik suhbatlar, seminar-treninglar va ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni ongli hayot sari yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.

 

Tadbirning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning salbiy oqibatlarini tushuntirish hamda yoshlarni hushyorlikka, ogohlikka, ezgu g‘oyalar yo‘lidan borishga da’vat etishdan iboratdir.