
Tahrir mahoratini oshirish kursi
Bugungi kunda axborot maydonida ro‘y berayotgan tezkor o‘zgarishlar, auditoriya talabining ortib borishi va raqobatning kuchayishi jurnalistlardan kasbiy salohiyatni uzluksiz oshirib borishni talab etmoqda. Xususan, til qoidalariga rioya qilish, uslubiy aniqlik hamda matnni puxta tahrir qilish malakasi har qanday nashr faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti “Vaqt-Время” gazetasi tahririyati xodimlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda bir oylik maxsus o‘quv-amaliy kurs tashkil etildi.
Mazkur kurs mashg‘ulotlarini O‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Qahharova Sabohat olib bordi. Darslarda tahririyat jamoasiga fonetika, orfografiya, stilistika va sintaksis bo‘yicha zarur nazariy bilimlar hamda amaliy ko‘nikmalar berildi.
Mashg‘ulotlar til me’yorlarini yanada chuqurroq o‘zlashtirish, matn bilan ishlash madaniyatini oshirish, uslubiy tahlil va tahrir qilish malakalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Tahririyat xodimlari kurslarda faol qatnashib, kelgusida chop etiladigan materiallarning sifatini oshirishga qat’iy bel bog‘lashdi.