Tadqiqotchilar faoliyati bo‘yicha IV chorak monitoring o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 15–24-dekabr kunlari doktorant, tayanch doktorant, stajor-tadqiqotchi hamda mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati samaradorligini aniqlash bo‘yicha IV chorak monitoringi o‘tkazildi.
Hozirgi kunda universitetda jami 440 nafar tadqiqotchi faoliyat olib bormoqda. Shundan 212 nafari 1-bosqichda, 139 nafari 2-bosqichda, 89 nafari esa 3-bosqichda tahsil olmoqda. Monitoring jarayoni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova rahbarligida tashkil etildi. Jarayon davomida har bir doktorant va tadqiqotchi bilan alohida suhbatlar o‘tkazilib, ularning shaxsiy ish rejalarida belgilangan vazifalar ijrosi, dissertatsiya boblarining bajarilish holati, ilmiy maqolalar chop etilishi hamda kafedra muhokamalariga tayyorgarligi individual tartibda ko‘rib chiqildi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, 1-bosqichda tahsil olayotgan 212 nafar tadqiqotchining 181 nafari, 2-bosqichda 139 nafar tadqiqotchining 132 nafari, 3-bosqichda esa 89 nafar tadqiqotchining 78 nafari monitoringdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Monitoring jarayonida tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini yanada faollashtirish maqsadida xorijiy impakt faktori yuqori bo‘lgan ilmiy jurnallarda maqola chop etishni jadallashtirish, OAK byulletenida e’lon qilinmagan dissertatsiya mavzularini ilmiy rahbarlar bilan qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, yuqori bosqich tadqiqotchilari tomonidan dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish ishlarini yakunlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, belgilangan talablarga muvofiq ilmiy faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar keyingi bosqichga o‘tkazildi. Sababsiz ravishda monitoringda ishtirok etmagan ayrim tadqiqotchilarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish hamda ularning ilmiy rahbarlarini ogohlantirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Mazkur monitoring universitetda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish, dissertatsiya ishlarining sifatini oshirish hamda tadqiqotchilarning ilmiy mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

