
Sumalakjon, sumalak!
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti faollarining tashabbusi bilan xalqimizning eng sevimli milliy taomi — sumalak sayli tashkillashtirildi. Maʼlum qilganimizdek, joriy yilning 16-mart kuni universitetimizda yangilanish fasli boʻlgan bahoriy ayyom — Navroʻz bayrami nishonlandi. Bugungi shodiyona chin maʼnoda bayramning davomiy qismi boʻldi. Sumalak tayyorlash jarayonida ustozlarimiz va talabalar ishtirokida oʻyin-kulgi, raqslar uyushtirilib, laparlar aytildi. Bahor tarovatini olib kelgan Navroʻz ayyomi va sumalak sayli talabalarimizga olam-olam zavq bagʻishladi. Nihoyat, yilda bir martagina tayyorlanadigan taom maromiga yetib pishdi. Kecha-yu kunduz davomida barcha koʻngillilarni bir joyga toʻplagan shifobaxsh sumalak qatnashchilarga tortiq qilindi va barchaga manzur boʻldi.