Stipendiya imtihonlari boshlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomdor davlat stipendiyalariga talabgorlarning ilmiy-ijodiy ishlarini baholash imtihonlari boshlandi. Mazkur jarayon iqtidorli talabalarning ilmiy salohiyati, ijodiy yondashuvi va intellektual salmog‘ini aniqlashga qaratilgan.
Imtihonlarning birinchi kunida talabgorlarning ilmiy-ijodiy ishlari belgilangan mezonlar asosida ekspertlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi va baholandi. Har bir ishning mazmuni, ilmiy yangiligi hamda amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun baholash jarayonining ikkinchi kuni davom etmoqda. Unda talabgorlar O‘zbekiston tarixi fanidan suhbat bosqichida ishtirok etib, o‘z bilimlari, tarixiy tafakkuri, mustaqil fikrlashi va dunyoqarashini namoyon etmoqda.
Baholash jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, har bir talabgorning ilmiy-ijodiy salohiyati hamda erishgan yutuqlarini adolatli baholashga xizmat qilmoqda. Jarayonga jalb etilgan ekspertlar belgilangan mezonlarga qat’iy amal qilgan holda ish olib bormoqda.

Prezident va nomdor davlat stipendiyalari iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari hamda ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Universitet jamoasi barcha talabgorlarga imtihonlarning keyingi bosqichlarida muvaffaqiyat, yuqori natijalar va ulkan zafarlar tilaydi.


