Yangiliklar

img
Mon, 11/13/2023 - 00:27

So'zlar siridagi xazina

Joriy yilning 11-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili ta’limi fakulteti Noshirlik ishi ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabalariga Respublika bolalar kutubxonasida “Zamonaviy matnshunoslik asoslari” fanidan “Bolalar adabiyoti namunalari asosida matnni tuzatish usullari” amaliy mashg‘uloti o‘tildi.
O‘qituvchi Uldona Abdurahmonova talabalarga kitob – qalb kaliti, kutubxona – g‘oyalar xazinasi ekanini ta’kidlarkan, Respublika bolalar kutubxonasi binosi 1880-yilda qurilganligi va O‘zbekiston madaniy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilganligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan 2023-yilda restavratsiya qilinganligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Kutubxonaga kirish bilan o‘ng tomonda turli kitoblar, alohida ramkalarga solingan rasmlar o‘rin olganligi, to‘g‘rida ulug‘ ajdodlarimiz – Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Cho‘lpon, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlarimizning kitoblari tartib bilan joylanganligi talabalarning e’tiborini tortdi.
Kutubxonaning har jihatdan qulay va shinamligi, kichkintoylardan tortib to kattalarning ham qiziqishiga javob beradigan kitob zaxirasiga egaligi, kutubxona fondida yigirma mingdan ziyod nashrlar mavjudligi to‘g‘risida kutubxona mas’ul xodimlari axborot berishdi. Bular – fanning barcha sohasi bo‘yicha bolalar yoshini hisobga oluvchi badiiy adabiyotlar, ensiklopediya-lug‘atlar hamda ilmiy-uslubiy va bibliografik manbalar ekanligi ta’kidlandi.
Kutubxona faoliyati bilan tanishib chiqqan talabalar, o‘qituvchi topshirig‘iga ko‘ra bolalar adabiyoti matni ustida ish olib borishdi. Unda matnni nafaqat kitobxon, balki muharrir sifatida maxsus yumshoq o‘rindiqlarda o‘tirib o‘qishga kirishib ketishdi. So‘ng kompyuter xonasidagi kompyuterlardan foydalanib sharh yozishdi.
O‘qituvchi talabalarning bajargan ishlarini tekshirgach, ularning bu sayyor dars borasidagi fikri bilan qiziqdi.
Solijonova Mohlaroyim: Bunday ochiq tashkil qilingan sayyor dars  bizga juda yoqdi. Kitoblarni ko‘rib, hammamiz uyimizda ham shunday kutubxona tashkil qilish istagi paydo bo‘ldi. Bu yerda nafaqat bolalarga, balki kattalarga mo‘ljallangan barcha badiiy kitoblarni o‘qishimiz mumkin ekan. Auditoriyadan ko‘ra bu maskanda bolalar adabiyoti matni bilan ishlash juda zavqli kechdi.
Olimova Oqila: Kutubxonadagi xilma-xil kitoblarni ko‘rib, qaysi birini o‘qishga shoshib qoldim. Ko‘pdan beri jahon adabiyoti bo‘yicha kitoblar o‘qishni rejalashtirib yurgan edim. Maqsadimga yetdim.
Muxtorova Madina: O‘zim istagan kitobni kutubxonaning o‘zida o‘qir ekanman, boshqa dunyoga tushib qolganday bo‘ldim. Ayniqsa, badiiy kitoblar jonu dilim. Sayyor darsimizdagi ochiq mutolaa yo‘lga qo‘yilgani, ya’ni kitob javonidan bemalol o‘zimizga kerakli bo‘lgan kitobni olib o‘qish imkoni yaratilganidan xursandmiz.

 

O‘qituvchi ikki soat davom etgan sayyor darsni tugatar ekan, talabalarga quyidagi xulosalarini aytdi: “Kitob – tuganmas boylik. Inson mutolaa bilangina o‘zini yuksaltiradi. To‘g‘ri tarbiya – har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning yagona yo‘li, saodat manzili. Zero, mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, bilim va dunyoqarashini boyitish, salohiyati va intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan doimiy e’tibordan maqsad ham ana shu – Barkamol Avlod orzusi. Shunday ekan, barcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, bilim olishimiz burchimizdir.”
Sayyor dars barcha talabalar ko‘ngliga so‘zlar sehrini joyladi.