Yangiliklar

img
Sat, 04/09/2022 - 21:17

Sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

Shu yilning 9-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti O’zbek filologiyasi fakultetida “Sohibqiron Amir Temur” nomli xotira tadbiri bo'lib o'tdi. Tadbirda Yakkasaroy tumani “Tepa” mahalla yetakchisi, mahalla yoshlari ham ishtirok etishdi. Madaniyat xodimlari, harbiy orkestr ishtiroki davraga fayz va ko'tarinki kayfiyat bag’ishladi. Ayniqsa, harbiy orkestrning milliy kuylari qatnashchilarda ajoyib taassurot qoldirdi.

Buyuk Sohibqironning 686 yilligiga bag’ishlangan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko’rinishlari namoyish etildi. Jarayon davomida buyuk bobokalonimiz haqida ko’plab muhim va qiziqarli ma’lumotlar aytildi. Shuningdek, yoshlarga ajdodlariga mos voris bo’lishga harakat qilishlari va dunyoni ilm bilan fath etishlari alohida ta’kidlandi.

 Ma’lumot uchun, dunyoga buyuk lashkarboshi va davlat arbobi sifatida tanilgan bobokalonimiz kitob o’qitib tinglashni, olimlar bilan suhbatlashishni, shoh-mot o’ynashni yaxshi ko’rgan. U o’z qo’shinlari bilan olib borgan janglar tajribasi hozir jahonning barcha harbiy akademiyalarida o’rganiladi.