Yangiliklar

img
Tue, 12/09/2025 - 09:28

Shaxs mas’uliyati: biz jamiyatning qanday vakilimiz?

2025-yil 6-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi tashabbusi bilan Falsafa fanining Etika axloqshunoslik falsafasi mavzusiga bag‘ishlangan amaliy va eksperiment tarzidagi tadbir o‘tkazildi. Tadbirni kafedra o‘qituvchisi Boburjon Xaytboyev olib bordi. Unda Filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishining 203-guruh va 206- guruh talabalari faol ishtirok etdilar. Tadbirning asosiy maqsadi talabalarda axloqiy fikrlash, ijtimoiy mas’uliyatni anglash, jamiyatda odob axloq qoidalariga rioya qilish, real hayotda uchraydigan turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olish, halollik va befarqlik kabi holatlarga ongli yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida talabalar o‘rtasida jamiyatda yurish turish qoidalariga oid savollar berilib, viktorinalar va so‘rovnomalar o‘tkazildi. Bu jarayon ularning nazariy bilimini amaliy holatlar bilan taqqoslash imkonini berdi.

Tadbirning eng faol qismi uchta eksperiment orqali davom etdi. Birinchi eksperimentda gavjum joyga ataylab tashlab qo‘yilgan axlatga talabalar qanday munosabat bildirishini kuzatish maqsad qilindi. Ko‘pchilik befarq o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan bunday vaziyatda ayrim talabalar axlatni olib axlat qutisiga tashlab, shaxsiy mas’uliyat va ekologik madaniyat namunalarini ko‘rsatdilar. Ikkinchi eksperiment davomida aktyor tomonidan hamyon tushirib yuborildi va talabalar bu holatga qanday javob berishi o‘rganildi. Bir talabaning hamyonni egasiga qaytarishi halollik, vijdonlilik va beg‘araz yordam borasidagi fazilatlarni yorqin namoyon etdi. Uchinchi eksperimentda esa janjallashayotgan talabalar ishtirokidagi sun’iy vaziyat yaratilgan bo‘lib, atrofdagilarning bunga munosabati kuzatildi. Vaziyatni chetlab o‘tganlar ham bo‘ldi, ammo bir talaba janjalni tinchlantirish uchun aralashib, mas’uliyat va ijtimoiy faollik namunasi bo‘ldi.

 

Tadbir davomida faol ishtirok etgan hamda axloqiy fazilatlari bilan ajralib turgan talabalar rag‘batlantirildi. Ushbu mashg‘ulot talabalarning nazariy bilimlarini hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lab o‘rganish, jamiyatda to‘g‘ri muomala qilish, halollik, hamjihatlik, e’tiborli bo‘lish, o‘zaro hurmat kabi sifatlarni mustahkamlashga katta yordam berdi. Tadbir yakunida etika va axloqshunoslik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirish, talabalarda ijtimoiy mas’uliyatni oshirish hamda bunday tajribalar orqali ularning dunyoqarashini boyitib borish zarurligi ta’kidlandi. Tadbirni tashkil etishga va o‘tkazishga ko‘mak bergan barcha xodimlar hamda faol qatnashgan talabalar minnatdorlik bilan eslab o‘tildi.