Yangiliklar

img
Sat, 06/03/2023 - 17:47

Saudiya adabiyoti oʻzbek adabiyotshunoslari talqinida

Yaqinda Ar-Riyoddagi “Tadqiqotlar va maʼrifiy aloqalar markazi” oʻzbek adabiyotshunoslari qalamiga mansub boʻlgan hozirgi zamon saudiya adabiyotining eng sara namunalari tarjimalari asosida yaratilgan tadqiqotlaridan iborat “Saudiya adabiyoti oʻzbek adabiyotshunoslari talqinida” deb nomlangan ilmiy risolani nashr etdi. Ushbu kitobning tarjimoni va muharriri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti xorijiy tillar kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Murtazo Saydumarovdir. Oʻn bobdan iborat ushbu kitobda saudiya adabiyotidan oʻzbek tiliga qilingan tarjimalar asosida yaratilgan oʻzbek adabiy tanqidchiligi asarlari jamlangan. Bu tadqiqotlar oʻzaro madaniy-maʼrifiy aloqalarni faollashtirish doirasida amalga oshirilmoqda va u Saudiya Arabistonining oʻzga madaniyatlar, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
Ilmiy risolaning Murtazo Saydumarov tomonidan yozilgan birinchi bobi adib Ibrohim Nosir al-Humaydon ijodiga bagʻishlangan boʻlib, muallif adibni saudiya arab oʻsmirlar adabiyoti muassisi sifatida tavsiflaydi. Adibning “Tun zulmatidagi nur” romani batafsil tahlil etiladi. Ikkinchi bobda taniqli oʻzbek yozuvchisi Xurshid Doʻstmuhammad arab adibi Hamza Muhammad Buqariyning “Safo ayvoni” romanini tahlil etadi va muallifning oddiy, sodda uslubini taʼkidlab, “Chinakam buyuklik oddiylikdan, soddalikdan boshlanadi” deydi. “Safo ayvoni” zamonaviy Saudiya Arabistoni adabiy nasrining qaldirgʻoch namunalaridan ekanligini taʼkidlaydi.
Risolaning uchinchi bobida Adhambek Alimbekov Homid Damanhuriyning “Qurbonlik qiymati yoxud muhabbat va burch” romanini tahlil etar ekan, uni “Oʻqishli roman” deb tavsiflaydi. Bahodir Karim esa toʻrtinchi bobda adiba Maha Muhammad al-Faysalning “Tavba va Sulayyo” romanida bir necha adabiy ijodiy uslublar uygʻunlashuviga ishora qilib, unda bir qancha adabiy-ijodiy metodlar, romantik, realistik va modernistik oqimiga xos xususiyatlar uygʻunlashganini koʻrsatadi. Tadqiqotchi “Tavba va Sulayyo” - bu idrok romani, oʻquvchi fahm-farosatini, eslab qolish qobiliyatini, tafakkur koʻlamini, nuqtai nazari va hatto kitob oʻqish madaniyatini imtihondan oʻtkazadigan asarga oʻxshab koʻrinadi” deb xulosa qiladi.
“Arab adabiyoti Oʻzbekistonda: Aziz Ziyoning “Gʻurbatdagi hayoti” deb atalgan beshinchi bobni Anqara Hoji Bayram Valiy Universiteti Turkiy tillar kafedrasi professori Zaynabidin Abdirashidov yozgan. U 1997-yili “Jahon adabiyoti” jurnali taʼsis etilgnandan buyon oʻtgan chorak asr davomida oʻzbek oʻquvchilarini bir qator arab adiblari asarlarini mutolaa qilganlarini, hamda saudiya adabiyotining namunalari bilan oʻzbekcha tarjimalar orqali tanishganlarini eslab oʻtadi. Soʻng adib Aziz Ziyoning “Gʻurbatdagi hayotim” romanini tahlil etish si rasida saudiya adabiyotidagi avtobiografik asarlar shakllanishi haqida toʻxtaladi. Aziz Ziyo hayotining mamlakat ijtimoiy va siyosiy tarixida muhim oʻrin tutgan voqealarga bogʻliqligini koʻrsatadi. Bu narsa, muallifning fikricha, Aziz Ziyo adabiy asarini tarixchilar va boshqa soha mutaxassislari uchun dastlabki manbalardan biriga aylantiradi. Shu bilan bir qatorda ushbu roman keng kitobxonlar uchun munosib roman ekanini taʼkidlaydi.
Oltinchi bobda Dilafroʻz Muhiddinova Saudiya adabiyotida qisqa hikoya janriga eʼtibor qaratib, mazkur janrning kelib chiqishi, shakllanishi va zamonaviy nasriy janrlar ildizlari va ularning hozirgi zamon arab adabiyotidagi turlari haqida toʻxtaladi, soʻng saudiya adabiyotidagi qisqa hikoya janri haqida soʻz yuritib, Xolid al-Yusuf, Tohir az-Zahroniy, Abduljalil Hofiz, Hiyam al-Muflih, Vafo Umeyr, Shayma ash-Shimmariy, Hakima al-Harbiy va boshqalar ijodi haqida soʻz yuritadi.
Yettinchi bob saudiyalik adiba Xayriya as-Saqqofning “Dengizlar osha olislar sari” hikoyalar toʻplamini oʻzbek tilida oʻqib, tadqiqotchi Alimurod Tojiyev tomonilan yozilgan tahlilni oʻz ichiga oladi.

Tadqiqotchi “Xayriya as-Saqqof ayollar nasrining sarboni, jurnalistika, matbuot sohasida samarali mehnat qilib, anchayin yuksak martaba va eʼtiroflarga sazovor boʻlgan arab adibasi ekan”ligini, shuningdek u “Arabiston yarim orolidagi eng birinchi arab adibalaridan biri” ekanligini aytib oʻtadi.
Alimurod Tojiyev “Xayriya as-Saqqofning hikoyalari polifonik xarakterga ega”ligini, “ularda yozuvchi hayotni turli ranglarda koʻrishini, hayotni qanday koʻrsa, shunday aks ettirishga urinishini” bayon etadi. “Baʼzi hikoyalarida arab ayolining ijtimoiy hayotdagi muammolari, jamiyat bilan qahramon orasidagi ruhiy ziddiyatlarini aks ettirsa, baʼzi hikoyalarida hayot va inson, tirikchilik va qalb, borliq va yoʻqlik kabi koʻplab abadiy hamda murakkab savollarga yechim qidirishini” taʼkidlaydi.
Sakkizinchi bobdagi Raʼno Xoʻjayevaning tadqiqoti saudiya sheʼriyatidagi dastlabki asarlar tahlili sari yoʻnaltirilgan. Bunda Muhammad Hasan Avvod, Husayn Sarhon, Muhammad Hasan Faqiy, Hasan Qurashiy, Abdulaziz Muhyiddin Xoʻja kabi dastlabki shoirlar bilan bir qatorda, ulardan keyingi davr shoirlari Hasan as-Sabaʼ, Ahmad as-Somiy, Ashjon Hind, Abdulloh as-Samih sheʼrlari atroflicha tahlil qilingan.
Toʻqqizinchi va oʻninchi bobdagi Ulugʻbek Hamdam va Murtazo Saydumarovning tadqiqotlari saudiya modernizm sheʼriyatiga bagʻishlangan. Mualliflar Solih Zamananning “Abadiyat manzillari” sheʼriy toʻplamini tahlil va tadqiq etish bilan bir qatorda, saudiya adabiyotida modernizm sheʼriyatining kelib chiqishi, uning xususiyatlari haqida toʻxtalganlar. Saudiya nasriy sheʼriyatining namoyandalaridan bir Saad Humaydin “Devordagi rasmlar” sheʼriy toʻplami nashr qilinishi bilan boshlangan hozirgi zamon saudiya modernizm sheʼriyati maydoniga kirib kelgan bir qator shoirlar ismlarini keltiradilar.