Reytinglarning universitet strategiyalariga ta'siri: muvozanatli istiqbol
2024-yilning 27-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “OTMlar uchun Strategiyalar: Oliy ta'lim muassasalariga Xalqaro Reytinglarni yo‘naltirish” mavzusida seminar tashkil etildi. Mazkur seminar
O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi (NEO), O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (OTFIV) bilan hamkorlikda oʻtkazilib, unda yuzdan ortiq mahalliy OTMlarning vakillari onlayn ishtirok etishdi.
Bundan bir necha kun oldin ToshDOʻTAUda xorijlik ekspert Ellen Hezelkornning bevosita ishtirokida yirik seminar tashkil etilgan edi va unda milliy OTMlarni har jihatdan rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar hamda takliflar bildirilgan. Bugungi tadbir mazkur seminarning mantiqiy davomida boʻlib, u toʻliq oʻzbek tilida olib borildi. Bu esa Oʻzbekistondagi mavjud barcha universitetlarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirishda muhim ahamiyatga egadir. Tadbirda universitet strategiyalarini reyting mezonlariga moslashtirish, ilmiy-tadqiqot va o‘qitish sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda universitet rivojlanish rejalari ro’yxatiga Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini (BRM) qo‘shish masalalariga e’tibor qaratiladi. Tadbir mutaxassislar tajribasi, amaliy misollar va qo‘llanma orqali universitetlarga global raqobatbardoshlikni oshirish va uzoq muddatli strategik o‘sishga yordam berishni maqsad qilgan.
Seminarda nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori natijalarni qayd etgan ToshDOʻTAU, OʻzMU, TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti vakillari ma’ruza qildilar. Jumladan, ToshDOʻTAU xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori N.Normurodova oʻz nutqida universitetlar xalqaro reytinglarda ijobiy natija qayd etishi uchun nimalarga ahamiyat berishi va qanday xatolarga yoʻl qoʻymasligi haqida gapirdi. U shuningdek, universitetlarning uchinchi missiyani bajarishdagi intilishlarini ragʻbatlantirish hamda ta’lim va tadqiqotdan tashqari, ijtimoiy faollikni qoʻldan boy bermaslikni ta’kidladi.
Xorijlik ekspert E.Hezelkorn ham oʻz nutqida universitetlarning missiyalari va strategiyalarini belgilashda xalqaro reytinglar asosiy indikator boʻlmasligini, aksincha, har bir OTM oʻz talabalariga sifatli ta’lim berish, oʻz sohasida ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash barobarida global muammolarni hal etishda yechimlar taklif qilishi, xorijiy hamkorlari geografiyasini kengaytirib, xalqaro kolloboratsiyani rivojlantirishni maslahat berdi. Universitetlarning umumiy salohiyatini belgilashda global reytinglar hamisha ham asosiy indikator boʻlmasligi mumkin, lekin reytinglarda belgilangan mezonlar asosida ishlarni tizimli olib borish hamda oʻzining qadriyatlariga sodiq qolish har qanday OTMning natijalariga ijobiy ta’sir koʻrsatishi qayd etildi.