Yangiliklar

img
Sun, 03/27/2022 - 12:14

Respublika "Turon" kutubxonasida mashgʻulot oʻtkazildi

Joriy yilning 26-mart kuni “Noshirlik ishi” taʼlim yoʻnalishi 1-bosqich talabalari uchun “Imlo muammolari” fanidan sayyor dars tashkil etildi. Mazkur jarayon amaliy mashgʻulot shaklida Respublika “Turon” kutubxonasida oʻtkazildi. Mashgʻulot “XX asr boshlaridagi Turkiston jadidlarining imlo masalalari boʻyicha qarashlari” mavzusida boʻlib oʻtdi. Dars davomida talabalar kutubxonaning nodir adabiyotlar fondida mavjud boʻlgan kitoblar bilan tanishdi. Jumladan, XX asrning 20-30-yillarida nashr qilingan “Yangi Fargʻona”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Zarafshon” va boshqa gazetalarda jadidlar tomonidan imlo masalalariga bagʻishlab yozilgan maqolalar haqida suhbatlashishdi. Maqolalar yuzasidan qizgʻin bahs-munozaralar oʻtkazildi. Dars-mashgʻulotini Amaliy filologiya kafedrasi oʻqituvchisi A.Davronov olib bordi. "Turon" kutubxonasi talabalarda katta qiziqish uygʻotdi. Universitetimiz ustozi va talabalari ajoyib kun uchun "Turon" kutubxonasi xodimlariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.