
Respublika ilmiy-nazariy anjumaniga marhamat!
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022- yilning 16-mart kuni “Tilshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-nazariy anjumani o‘tkaziladi.
Anjumanning ilmiy yo‘nalishi, maqsad va vazifalari:
Anjuman o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, turkologiya, shevashunoslik, lug‘atshunoslik, o‘zbek tilshunosligidagi zamonaviy yo‘nalishlar masalalariga bag‘ishlanadi. O‘zbek tilining tarixiy ildizlarini yoritish, mumtoz manbalardagi tilshunoslikka doir qarashlarni o‘rganish, sotsiolingvistika, lingvokulturologiya, psixolingvistika, neyrolingvistika, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, lingvopoetika, lingvofolkloristika, lingvodidaktika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy yo‘nalishlarda integrativ yondashuv asosida tadqiqotlar olib borish, til nazariyasi va amaliy tilshunoslik, tarjimashunoslik muammolarini tahlil qilish o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Anjuman tilshunoslikka doir masalalarni o‘zbek tili tarixi va bugungi taraqqiyotini uyg‘unlikda hamda integratsiya asosida tadqiq qilishga yo‘naltiradi.