Yangiliklar

img
Fri, 05/19/2023 - 23:18

Rektor va yoshlar uchrashuvi

Hukumatimizning yoshlar masalalariga oid har bir farmon, qaror va qonunlari, davlatimiz rahbarining ayni mavzudagi nutqlari biz uchun aniq strategik ishlarni olib borishimizda dasturilamal boʻlmoqda. Xususan, 2023-yilning 11- aprel kuni Prezidentimiz  Sh.Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Bunda: yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol boʻlgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga; turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “oʻrta” toifaga kiritildi; davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli ogʻir” toifasiga alohida ajratib olindi. Aynan shu uchinchi toifaga kiritilgan yoshlar bilan tizimli va rejali ishlash zarurligi alohida taʼkidlandi. 


Har bir vazir, vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan eʼtiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.
Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov   o‘zi mas'ul 50 nafar yoshlarning Olmazor tumanidagi Yuqori Sebzor, Sebzor, Yangi Sebzor mahallalarida istiqomat qiluvchi bir guruhi bilan uchrashdi.  Hayotga qarashlari o‘zgacha, yashash tarzining qoniqarsizligi bois turli illatlarning domiga tushib qolgan bu yoshlarning ota-onalari,  mahalla nozirlari bilan ham tizimli ishlashga kelishib olindi. 


Bu yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari, moddiy barqarorlikka va ruhiy barkamollikka erishishlari uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko'ramiz, – dedi Shuhrat Sirojiddinov. 


Shunday oʻzgaruvchan, bir qadar tahlikali damlarda millatning suyanidigan togʻi ziyolilar boʻlsa, ishongan bogʻi yoshlari boʻladi. Shu ikki kuchni birlashtiribgina biz maʼnaviy boʻxronlardan omon chiqishimiz mumkin. Farzand tarbiyasi, taʼlimi va bilim egallashi biz uchun yagona najot yoʻlidir.