Yangiliklar

img
Tue, 11/18/2025 - 13:45

Rasmiy xabar!!!

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025-yil 20-noyabr kuni soat 9.00 da tayanch doktorantura institutiga qabul qilish bo‘yicha mutaxassislik fanidan kirish imtihonlari va 21-noyabr kuni 9.00 da doktorantura va mustaqil izlanuvchilik institutiga qabul qilish bo‘yicha suhbat bo‘lib o‘tadi. 19-noyabr kuni soat 9.00 da xorijiy til fanidan sertifikat muddati tugagan talabgorlar uchun xorijiy til fanidan imtihon bo'lib o'tadi.

Izoh!!! 

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tegishli fan yo'nalishlarida milliy sertifikatga ega bo'lgan talabgor mutaxassislik fanlaridan imtihondan ozod etiladi va unga mutaxassislik fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi «Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 304-son qarori va boshqa belgilangan tartiblarga ko’ra, quyidagi holatlarda talabgor imtihon o‘tkazish tartibini buzgan deb hisoblashga asos bo‘ladi va talabgor(lar) dalolatnoma tuzish orqali imtihondan chetlashtiriladi.

1. Imtihon o‘tkaziladigan auditoriyaga kirishda lug‘at, jadval, kitob, telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilish yoki olib kirish;

2. Imtihon davomida imtihon topshiriqlarini boshqa talabgorlarga uzatish yoki ularga yordam berish; 

3. Imtihonga belgilangan vaqtda kelmaslik;

4. Imtihonga ajratilgan vaqt tugaganidan keyin imtihon topshiriqlarini topshirishdan bosh tortish; 

5. Imtihon jarayonida turli bahonalar bilan bir necha marta tashqariga chiqib kelish; 

6. Imtihon topshiriqlarini auditoriyadan tashqariga olib chiqish; 

7. Imtihon jarayonida belgilangan boshqa tartiblarga rioya qilmaslik.

Eslatma: barcha talabgorlar belgilangan muddatda o‘zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta), xorijiy til bilish sertifikatining haqiqiysi (orginal)ni va ilmiy ishlarini va ularning tasdiqlangan variantini kechikmasdan olib kelishlari so‘raladi. Imtihon universitet binosida bo‘lib o‘tadi. Manzil: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 103-uy. Mo‘ljal: Do‘stlik bog‘i (Bobur) yonida.