Raqamli davrda tilimiz istiqboli
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lishi munosabati bilan 2025-yil 18-oktyabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi professor-o‘qituvchilari – f.f.d. (DSc) Sh. Hamroyeva, f.f.f.d. (PhD) O. Abdullayeva va f.f.f.d. (PhD) PhD Z. Xusainova tomonidan Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida “Raqamli davrda tilimiz istiqboli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – o‘zbek tilini zamonaviy axborot texnologiyalari davrida faqat qoidalar to‘plami sifatida emas, balki raqamli kelajakni belgilaydigan kuchli vosita sifatida namoyon etish, AT sohasidagi mutaxassislar orasida ona tili madaniyatini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida PhD O.Abdullayeva “Raqamli davrda o‘zbek tili” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida dasturchilar va axborot texnologiyalari xodimlari uchun ona tilini mukammal bilishning amaliy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Xususan, “my.gov.uz” kabi platformalardagi imloviy xatolar foydalanuvchilar ishonchiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida misollar keltirdi.

Shuningdek, f.f.d. (DSc) Sh.Hamroyeva ishtirokchilar uchun qiziqarli viktorina o‘tkazdi. Unda texnik sohada ko‘p ishlatiladigan, ammo noto‘g‘ri qo‘llaniladigan atamalar (“dostup”, “zagruzka”, “papka” va boshqalar) haqida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Viktorina orqali xodimlar o‘zbek tilidagi muqobil atamalarni o‘rganishdi.

PhD Z. Xusainova esa shu mavzuda intervyu berib, Raqamli hukumat xodimlariga qaratilgan “Ona tili – sizning professional brendingiz” degan ilhomlantiruvchi fikrlarini bayon etdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar “Vatan ravnaqi” mavzusida diktant yozishdi. Bu tashabbus xodimlarning imlo bilimlarini sinash emas, balki davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va hurmatni kuchaytirishga qaratilgan bo‘ldi.
Tadbir davomida til va texnologiya o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, axborot tizimlarida o‘zbek tilining nufuzini oshirish va milliy ilmiy-texnikaviy rivojlanishda tilning o‘rni haqida dolzarb g‘oyalar ilgari surildi.

