Yangiliklar

img
Tue, 12/02/2025 - 18:49

Raqamli davrda ilmiy etika masalalariga bag‘ishlangan seminar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorantlar va tadqiqotchilar uchun o‘tkaziladigan an’anaviy ilmiy-metodologik seminarlarning galdagisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar filologiya sohasida raqamlashtirish jarayonining ilmiy tadqiqotlarga ta’siri, ilmiy halollikka doir masalalar va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashda talab etiladigan mas’uliyatni yoritishga bag‘ishlandi.

Seminarda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ma’suma Obidjonova raqamli texnologiyalar ilmiy faoliyatda yaratgan qulayliklar bilan birga, matn asosidagi fanlarda yangi muammolarni ham yuzaga keltirayotgani haqida so‘z yuritdi. U ilmiy axborotning tez tarqalishi, matnlarni ko‘chirishning osonlashgani va sun’iy intellekt vositalarining keng joriy etilgani natijasida ilmiy etikaga doir masalalar tobora dolzarb tus olayotganini ta’kidladi. Ma’ruzada ayniqsa boshqa mualliflarga mansub g‘oya va tahlillarni shaklini biroz o‘zgartirib o‘zlashtirish, mashina tarjimalarini yashirish, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan matnlarni ilmiy natija sifatida ko‘rsatish kabi holatlar keskin ko‘payib borayotgani haqida batafsil fikrlar bildirildi.

Raqamlashtirish jarayoni natijasida matnlar ustida avtomatik vositalar orqali amalga oshiriladigan tahrirlar ko‘plab ilmiy xatolarga sabab bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Bunday holatlar terminlarning noto‘g‘ri almashtirilishiga, jumlalar tuzilishining haddan ziyod soddalashishiga, mazmunning uzilib qolishiga va uslubiy izchillikning buzilishiga olib kelishi qayd etildi. Ma’ruza davomida xalqaro miqyosda yuz bergan ilmiy halollik bilan bog‘liq real misollar qayd etildi. Bu misollar ilmiy natijalar ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

  

Seminarda ishtirokchilarga ilmiy halollikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan amaliy tavsiyalar ham berildi. Har qanday g‘oya yoki ilmiy xulosaning asl manbasini ko‘rsatish, avtomatik tarjima va tahrirlash vositalaridan foydalanilganda bu haqda ochiq ma’lumot berish, sun’iy intellekt yordamida olingan matnlarni albatta inson nazoratidan o‘tkazish, faktlarni mustaqil ravishda tekshirish va bibliografiyani manbalar bilan solishtirish zarurligi alohida qayd etildi. Matnning ilmiy uslubga mosligi va uning mazmuniy izchilligini saqlash ham tadqiqotchining mas’uliyatli vazifalari sifatida e’tirof etildi.

Seminar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Raqamli vositalar bilan ishlashda duch kelinayotgan muammolar, ilmiy matnlarning ishonchliligini ta’minlash yo‘llari va sun’iy intellektdan foydalanishning maqbul mezonlari yuzasidan fikr almashildi.

  

Seminarga rahbarlik qilish vazifasini Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Sanjar Mavlyanov amalga oshirdi. U muntazam o‘tkazilayotgan bunday seminarlar doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun nazariy bilimlarni boyitish, metodologik yondashuvlarni takomillashtirish, ilmiy ishlarda halollikni saqlash va zamonaviy texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llash madaniyatini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Galdagi nazariy-metodologik seminar ilmiy jamoatchilik uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda raqamli davrda ilmiy faoliyatning o‘ziga xos talab va mas’uliyatlari keng yoritildi. Seminar natijalari tadqiqotchilarning ilmiy madaniyatini mustahkamlash, ilmiy matnlar ustida ishlash ko‘nikmalarini boyitish va akademik halollikni ta’minlashga xizmat qiladi.