“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: milliy armiyamiz — Yangi O‘zbekiston tayanchi
Joriy yilning 22-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Fuqaro muhofazasi instituti rahbar va xodimlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” mavzusida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda milliy armiyamizning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida tushunchalarni mustahkamlashga qaratildi.
Uchrashuvni universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektori G. Jurayeva olib bordi. Tadbir davomida “Milliy armiyamiz — Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusi asosida mazmunli va ta’sirchan chiqishlar amalga oshirildi.
Uchrashuvda Fuqaro muhofazasi instituti o‘qituvchisi, kapitan O. Mirkamolov, shuningdek mayor D. Rahmonov va mayor M. Sherboyevlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolar xavfsizligini muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Nutqlarda milliy armiyamizning bugungi kundagi kuch-qudrati, zamonaviy salohiyati, harbiy xizmatchilarning fidoyiligi va mas’uliyati, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida armiyaning strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi. Yoshlarni Vatanga sadoqat, jasorat, mas’uliyat va intizom ruhida tarbiyalash muhim vazifa ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi. Tadbir yoshlar ongida vatanparvarlik, milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

