
Qozoq olimlari bilan turkiy tillar tadqiqi yoʻnalishida hamkorlik
2025-yil 3-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Qozog‘iston Milliy fanlar akademiyasining mustaqil direktori, akademik Kurmanaliyev Karimбек Arystanbekuly hamda Qozog‘iston Milliy fanlar akademiyasi akademigi, M. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining O‘zbekistondagi filiali rektori Kozhamjarova Daria Perneshkyzy tashrif buyurdi.
Mehmonlarni ToshDO‘TAU rektori, akademik Sh. Sirojiddinov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Normurodova rasmiy kutib oldi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, turkiy tillarning lingvistik tadqiqotlari va akademik aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, mehmonlar Toshkentda 2025-yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan, akademik Shore Shamgaluly Sarybayev ilmiy merosiga bag‘ishlangan “Turkiy tillarni tadqiq qilishning komparativ va dialektologik jihatlari: o‘tmish, bugun va kelajak” mavzusidagi ilmiy davra suhbatini tashkil etish yuzasidan universitet rahbariyati bilan fikr almashdi.
Mazkur tashrif universitet va xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.