Yangiliklar

img
Wed, 04/23/2025 - 21:41

Qozoq olimlari bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy telemuloqot tashkil etildi

2025-yil 23-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Abay nomidagi Qozog‘iston Milliy pedagogika universiteti hamkorligida xalqaro ilmiy telemuloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Zoom platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etilib, unda o‘zbek va qozoq tilshunosligi, adabiyoti hamda til o‘qitish metodikasi sohasining yetuk olimlari ishtirok etdilar.
Telemuloqot moderatorligi Qozog‘iston Milliy pedagogika universiteti professori, filologiya fanlari doktori Qalamqas Qalibayeva tomonidan olib borildi. Tadbirning kirish qismida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari Zulxumor Xolmanova va Saodat Muhamedova hamda Abay universiteti professori Nagima Ilyasovalar so‘zga chiqib, ilmiy hamkorlikning bugungi kundagi ahamiyati, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari va til o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar haqida fikr bildirdilar.

  

Tadbirning asosiy qismida Abay nomidagi Qozog‘iston Milliy pedagogika universiteti professori Jangaliq Baltabayeva va katta o‘qituvchi Guldarig‘a Kenjebayevalar  “Qozoq tilining nazariyasi va metodikasi: tajriba hamda an’analar” mavzusidagi hamda  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti  dotsentlari Manzura Shamsiyeva "O‘zbek tilshunosligi: nazariya va amaliyot uyg‘unligi", Nazokat Yusufjonova "O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi: integratsiya va innovatsion yondashuvlar" mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdilar.  Unda qozoq va o'zbek tilshunosligining nazariy asoslari, umumta'lim va oliy ta’lim bosqichlarida mazkur tillarni o‘qitish bo'yicha zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, Qozoqistondagi til siyosati, o‘quv dasturlarining takomillashuvi hamda ta'lim jarayonida yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

  

Telemuloqot davomida ikki qardosh mamlakat tilshunos olimlari tomonidan o‘zbek va qozoq tillarining o‘qitilishi, ularning mushtarak va o‘ziga xos jihatlari, ilmiy-uslubiy tajribalar, o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish  yuzasidan kerakli taklif-mulohazalar bildirilishi bilan bir qatorda  bu kabi  muloqotlar ikki qardosh xalq o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning mustahkamlanishida muhim o‘rin tutishi, bu kabi uchrashuvlarni doimiy an’anaga aylantirish zarurligi ta'kidlandi. Chunki mazkur tadbir nafaqat ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, balki  yosh tadqiqotchilar tomonidan  yangi g‘oya va loyihalar yaratilishiga ham zamin hozirlaydi.