Yangiliklar

img
Tue, 04/12/2022 - 16:25

Qozog‘istonlik tajribali mutaxassis talabalarimizga saboq beradi

Joriy yilning 12-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro aloqalar ofisiga Qozogʻiston Respublikasi K.Jubanov nomidagi Aqto‘be viloyat universitetining Qozoq filologiyasi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muratbek Bagila Kurbanbek qizi tashrif buyurdi. Mehmon Bagilaxonim universitetimiz Xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan hamkorlik masalari yuzasidan suhbatlashdi.

 Ma'lumki,  J. Kubanov nomidagi Aqto‘be universiteti bilan ToshDO‘TAU o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.  Bu hamkorlik doirasida kelgusida talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish,  professor-o‘qituvchilar malakasini yanada oshirish,  xalqaro loyihalar tayyorlash belgilangan.  Shu nuqtayi nazardan, ToshDO‘TAUda amalga oshirilayotgan Nozliya Normurodova rahbarligidagi "Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish" loyihasi doirasida qozoq tilida tayyorlanayotgan kontent bo‘yicha shaxsan Bagila Kurbanbek qizining qimmatli maslahat va yordamlari zarur. Ushbu loyiha O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan qozoq, turk, ozarbayjon, qirg‘iz, tatar millati vakillari o‘z ona tillarini o‘rganishi uchun shu paytgacha mavjud bo‘lmagan yaxlit elektron resursga bo‘lgan ehtiyojni qoplash vazifasini bajaradi. Shu munosabat bilan professor Bagilaxonim mamlakatimizda qardosh turkiy xalqlar tillarini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan elektron platforma uchun qozoq tili ma’lumotlarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, Bagila Kurbanbek qizining O’zbek tili va adabiyotini o’qitish fakultetida turkiy tillarga oid fandan talabalarga dars berishi ham ko'zda tutilgan.