
Qo'lyozmaga qo'l urmang
Talabalikni oltin davrga qiyoslashadi. Mana shu davrda kim nimani oʻqib oʻrgansa, oʻzlashtirsa, oʻrganganlari xuddi toshga bitilgan bitikday boʻlib qoladi. Aksincha, qimmatli damlarni yelga sovursa, samarasiz vaqt bir kun kelib oqsatadi.
Ajdodlarimizdan meros qolgan nodir qoʻlyozmalar, toshbosmalar va litografik asarlarni oʻrganish talabalar uchun ham qiziqarli, ham foydadan xoli emas.
Oʻquv rejasiga koʻra bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik yoʻnalishidagi 1-kurs talabalari Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida navbatdagi malakaviy amaliyotni oʻtashdi.
Muzeyning katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Yusuf Tursunov talabalarni samimiy kutib olib, “qoʻlyozmalarga qoʻl urmaysizlar” degan hazilomuz shart bilan tomga tegib turgan kitob javonlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalar boʻlimiga kirishga ruxsat berdi. U muzey haqida hayajon bilan gapirar ekan, oʻzi ishlayotgan boʻlim, u yerdagi 800 dan ortiq qoʻlyozmalar, 1200 dan ortiq toshbosma asarlar, shuningdek, professor Hamid Sulaymon keltirgan fotonusxalar va slaydlar bugungi kunda muzey fondida saqlanayotganini, ayni kunlarda mazkur nodir va noyob qoʻlyozmalarning faksimil, elektron nusxalari hozirlanishi ustida amaliy ishlar olib borilayotgani toʻgʻrisida talabalarga tushuncha berdi.
Yana malakaviy amaliyot paytidagi uchrashuvda yaqindagina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingani, bu esa sohadagi barcha ziyolilarni xursand qilgani, shu bois bu borada Fanlar Akademiyasi tarkibidagi barcha ilmiy muassasalar va muzeylarda, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat muzeyida ham ishlar qizgʻin olib borilayotgani taʼkidlandi.
Bugungi malakaviy amaliyot asnosida ham talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Mazkur sayohat ular uchun katta ibrat darsi vazifasini oʻtagani, shubhasiz. Aksariyat talabalar darsdan boʻsh paytlarida yana ushbu dargohga kelib, u yerdagi nodir qoʻlyozmalarni oʻrganish ishtiyoqida ekanini bildirdilar.
Azizulloh ARAL
Atayev AZAMAT