Yangiliklar

img
Sat, 12/06/2025 - 14:35

Psixologiya yo‘nalishi talabalari taniqli olim bilan uchrashdilar

2025-yil 5-dekabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti psixologiya yo‘nalishi talabalari uchun Respublikamizning taniqli psixologlaridan biri, psixologiya fanlari doktori, professor X. Abdusamatov bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi tomonidan tashkillashtirilib, talabalarga nazariya va amaliyot uyg‘unligida bilim berish, ularni real psixologik tajriba bilan tanishtirish maqsadiga qaratildi.

Dastlab yig‘ilish davomida bugungi kunda psixologiya sohasida kuzatilayotgan muammolar, jamiyatda uchrayotgan psixologik tanglik holatlari, yoshlarning ruhiy barqarorligi bilan bog‘liq masalalar keng muhokama qilindi. Talabalar psixologik xizmatning zamonaviy prinsiplari, psixologning jamiyatdagi roli va amaliy psixologiyaning turli yo‘nalishlari haqida dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Professor X. Abdusamatov uchrashuvning asosiy ma’ruzasini “Shaxs farovonligiga ta’sir etuvchi psixologik sindromlar” mavzusiga bag‘ishlab, ko‘p yillik ilmiy-amaliy tajribasiga tayanib, turli psixologik sindromlarning kelib chiqishi, ularning inson salomatligiga ta’siri, tashxislash yo‘llari va samarali psixologik yordam metodlari haqida atroflicha so‘zlab berdi. Ma’ruza davomida shaxsning ruhiy farovonligini saqlash, stressni boshqarish, emotsional barqarorlikni mustahkamlash borasidagi tavsiyalar talabalar uchun ayniqsa qiziqarli bo‘ldi.

Uchrashuvda Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi o‘qituvchilari ham faol qatnashib, o‘z tajribalari va ilmiy qarashlarini ulashdilar. Zamonamiz psixologik tadqiqotlarida qo‘llanilayotgan yangi metodlar, shaxs psixologiyasidagi yangicha yondashuvlar hamda yoshlar orasida uchrayotgan ruhiy muammolar bo‘yicha izohlar berildi.

 

Tadbir jonli savol-javoblar bilan yanada mazmunli tus oldi. Talabalar professor Abdusamatovga turli yo‘nalishlardagi psixologik masalalar — motivatsiya, emotsional charchoq, shaxslararo munosabatlar, psixologik moslashuv kabi mavzularda o‘z savollarini yo‘llashdi va batafsil javoblar oldilar. Bahs-munozaralar samimiy, ilmiy va interaktiv ruhda kechib, talabalar uchun nafaqat bilim, balki amaliy ko‘nikma olish imkoniyatini yaratdi.

 

Uchrashuv yosh psixologlar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi. Talabalar professional psixologning faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘z kelajak kasbiga yanada chuqurroq qiziqish bildirdilar.