Yangiliklar

img
Thu, 10/23/2025 - 15:50

Profilaktik tadbirlar davom etmoqda

2025-yil 23-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek filologiyasi fakulteti 1-bosqich talabalari ishtirokida jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, korrupsiyaning oldini olish, kiberjinoyatlar hamda boshqa turdagi huquqbuzarliklarning profilaktikasiga bag‘ishlangan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir universitet profilaktika inspektori, katta leytenant J. Xaydarova hamda sirtqi ta’lim bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni turli ijtimoiy xavfli oqimlar, g‘arazli targ‘ibotlar hamda zamonaviy tahdidlardan ogoh etish, talabalarda qonunlarga hurmat, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga diniy ekstremistik oqimlarning zararli ta’siri, korrupsiya illatining jamiyat taraqqiyotiga salbiy oqibatlari, shuningdek, kiberjinoyatlarning zamonaviy ko‘rinishlari va ularning oldini olish yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, profilaktika inspektori tomonidan talabalarga qonunlarga rioya etish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, shubhali axborot manbalariga ishonmaslik, hamda turli huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va mutaxassislar tomonidan ularga atroflicha javoblar taqdim etildi. Bunday profilaktik uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni mustahkamlash, ularni huquqiy madaniyatga yo‘naltirish hamda mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.