Professor Nurboy Jabborov 60 yoshda!
2026-yil 15-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Turkiy xalqlar adabiyotshunosligi va matnshunosligining dolzarb masalalari” mavzusidagi uluslararo ilmiy konferans bo‘lib o‘tdi. Ushbu ilmiy anjuman o‘zbek mumtoz adabiyotshunosligi ilmiy maktabi asoschisi, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlandi.
Konferansning ochilish marosimida universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov, O‘zbekiston Axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, Navoiy davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Muhiddin Kalonov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Ma’rifli, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi direktori Olimjon Davlatov, O‘zbekistondagi Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatulla Jabborov yubiley munosabati bilan qutlov va e’tirof so‘zlarini bildirdilar.
Konferansning yalpi majlisida Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti professori Almaz Ülvi Binnatova, O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqulov, Turkiyalik olim Kemal Yavuz Ataman, O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori Boqijon To‘xliyev, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti professori Islam Jemeney, Turkiyaning Yildirim Boyazid universiteti professori Funda Toprak hamda boshqa yetuk olimlar ma’ruzalar bilan qatnashdilar.
Konferans doirasida “Turkiy xalqlar mumtoz adabiyoti: tahlil va talqin”, “Turkiy xalqlar navoiyshunosligi: kecha, bugun, istiqbol”, “Turkiy xalqlar matnshunosligining nazariy va amaliy masalalari”, “Yangicha ma’rifatparvarlik va jadid adabiyoti”, “Turkiy xalqlar zamonaviy adabiyotini o‘rganish muammolari” kabi sho‘balar faoliyat olib bordi. Sho‘ba yig‘ilishlarida yuzlab ilmiy ma’ruzalar tinglanib, dolzarb masalalar yuzasidan keng va sermazmun ilmiy munozaralar o‘tkazildi.
Konferans yakunida professor Nurboy Jabborovning ilmiy merosi turkiy adabiyotshunoslik va matnshunoslik rivojida muhim ilmiy-metodologik asos ekani, mazkur uluslararo ilmiy konferans esa ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va yangi tadqiqot yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etgani alohida ta’kidlandi.

