Pedagogik amaliyotni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi
2026-yil 26-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbek tili va adabiyoti hamda O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishlari 4-kurs talabalarining pedagogik amaliyotini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Mazkur tadbir bitiruvchi kurs talabalarini pedagogik faoliyatga tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda amaliyot jarayonini belgilangan tartib va talablar asosida amalga oshirish masalalarini keng muhokama qilishga qaratildi.
Anjuman universitet professori S. Normamatovning kirish so‘zi bilan ochildi. U o‘z ma’ruzasida pedagogik amaliyot bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy shakllanishida muhim bosqich ekanini ta’kidlab, mazkur jarayon talabalardan yuqori darajadagi mas’uliyat, intizom va nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishni talab etishini alohida qayd etdi. Shuningdek, u pedagogik amaliyotni tashkil etish bilan bog‘liq yangiliklar, amaliyot jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar hamda kutilayotgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbir davomida universitet Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i N. Norqulov pedagogik amaliyotning ta’lim sifati bilan uzviy bog‘liqligi, amaliyot jarayonida nazorat va monitoring mexanizmlari, talabalarning faoliyatini baholash mezonlari yuzasidan tushuntirishlar berdi. O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri S. Muhamedova esa pedagogik amaliyotni kafedra tomonidan muvofiqlashtirish, talabalarning umumta’lim muassasalaridagi faoliyati, ustoz-shogird tizimi hamda metodik yordam masalalariga alohida to‘xtaldi. Talabalar amaliyotini tashkil qilish bo‘limi mutaxassisi X. Rajabov tomonidan esa pedagogik amaliyotni tashkil etish tartibi, muhim shartlar, huquq va majburiyatlar, shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladigan jarayonlar batafsil yoritib berildi.
Anjumanda bitiruvchi kurs talabalari nafaqat pedagogik amaliyotga oid masalalar, balki qishki sessiya yakunlari, akademik qarzdorliklarning oldini olish, shuningdek, bo‘lajak yakuniy davlat attestatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rish tartibi haqida ham muhim va dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti, p.f.b.f.d. (PhD) S. Kuldasheva tomonidan pedagogik amaliyot yakunida topshirilishi lozim bo‘lgan hisobot hujjatlari, kundaliklar, tavsifnomalar va boshqa zarur materiallar yuzasidan maxsus taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot jarayonida hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi, ularning mazmuniga qo‘yiladigan talablar hamda baholash jarayonidagi ahamiyati amaliy misollar asosida tushuntirildi.

Anjuman yakunida savol-javoblar tashkil etilib, bitiruvchi kurs talabalari pedagogik amaliyot, attestatsiya jarayonlari va o‘quv faoliyatiga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil va asosli javoblar oldilar. Tadbir talabalarning pedagogik amaliyotga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish, ularni kelgusi kasbiy faoliyatga puxta tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

