
Pedagogik amaliyotda yangi bosqich
Yangi o‘quv yili oldidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari Chilonzor tumanidagi 202- va 357-sonli umumta’lim maktablariga tashrif buyurdi.
Mazkur uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari, maktab rahbariyati hamda bo‘lajak o‘qituvchilar ishtirok etdilar. Suhbat davomida talabalar pedagogik amaliyotini samarali tashkil etish, nazariy bilimlarni o‘quv jarayonida qo‘llash va kasbiy tayyorgarlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, ToshDO‘TAUda joriy etilgan “4+2” tizimi asosida olib borilayotgan amaliyot bo‘lajak pedagoglarga keng imkoniyatlar bermoqda. Talabalar nafaqat dars mashg‘ulotlarida, balki maktab hayotining boshqa sohalarida ham faol ishtirok etib, sinfdan tashqari tadbirlar, to‘garaklar va turli tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda bevosita qatnashmoqda. Bu jarayon ularning kasbiy tajribasini boyitib, mustaqil faoliyat yuritishga tayyorlaydi.
Uchrashuvda shuningdek, pedagogik amaliyotda yuqori natijaga erishgan talabalar kelgusida umumta’lim maktablarida o‘z faoliyatini boshlashi uchun keng imkoniyatlar yaratilishi ta’kidlandi. Bu tashabbus yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini oshirish va maktablarda malakali pedagoglar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Universitet va maktablar o‘rtasidagi bunday hamkorlik talabalarning kasbiy shakllanishida muhim o‘rin tutishi, o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilishi qayd etildi.