Yangiliklar

img
Tue, 09/16/2025 - 20:29

Pedagogik amaliyot yuzasidan uchrashuv

2025-yil 16-sentabr kuni talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Sh. Xalilov, bo‘lim xodimlari hamda O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri Sohiba Umarova va kafedraning professor-o‘qituvchilari ishtirokida 4-kurs talabalarining 4+2 tartibida pedagogik amaliyotini tashkil etish yuzasidan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash jarayoniga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, mehnat bozori talablari, ilm-fan, texnika va texnologiya sohasidagi yutuqlarni hisobga olgan holda doimiy ravishda takomillashtirib boriladigan kasbiy ta’lim dasturlarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, uzluksiz ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam integratsiyani yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim tizimiga yuqori malakali o‘qituvchi, metodist va muhandis-pedagoglarni jalb etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak o‘qituvchilarning bilish faolligi, ijodkorligi, kreativ qobiliyatlarini rivojlantirish, ularda kasbiy motivatsiyani shakllantirish ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Tadbir davomida talabalarga pedagogik amaliyot davrida maktabning ichki tartib-qoidalariga rioya qilish, o‘quvchilarga har tomonlama o‘rnak bo‘lish, maktabdagi etika va estetika me’yorlariga amal qilish zarurligi haqida tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, amaliyot jarayonida qo‘llaniladigan baholash tizimi yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Mazkur uchrashuv 4-kurs talabalari uchun pedagogik amaliyotni samarali va mazmunli tashkil etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.