Yangiliklar

img
Wed, 09/10/2025 - 15:55

Pedagogik amaliyot oldidan

2025-yil 10-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili va adabiyoti hamda O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun “4+2” pedagogik amaliyotni tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Sh. Xalilov, O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi kafedrasi mudiri, professor S. Muhamedova hamda kafedra o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida “4+2” pedagogik amaliyot dasturlarining tayyorligi, amaliyotga biriktirilgan maktablar haqida talabalarni xabardor qilish, amaliyot jarayonida kiyinish odobi va muomala madaniyatiga rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, pedagogik amaliyotdan baho olmagan talabaning kursdan kursga o‘ta olmasligi ta’kidlandi.

 

Amaliyot jarayonida talabalarning 100 foizlik qatnashuvini ta’minlash, ularning ro‘yxatini maktablarga taqdim etish hamda amaliyotga biriktirilgan ustozlarning belgilangan kunlarda maktablarda bo‘lishi kabi masalalar ham muhokama qilindi.

 

Mazkur yig‘ilish talabalar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular pedagogik amaliyot jarayonida bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar, mas’uliyat va tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Bu esa amaliyotning samarali o‘tishiga, talabalarning kelajakdagi pedagogik faoliyatiga mustahkam zamin yaratadi.