Pedagogik amaliyot jarayoni oʻrganildi
2025-yil 5-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov hamda bo‘limning bosh mutaxassisi Xayrulla Rajabov Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 48-maktab hamda Yashnobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 161-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga amaliy tashrif buyurishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning pedagogik amaliyot jarayonidagi ishtiroki, ularning dars o‘tish mahorati, ustoz–shogird an’analari asosida olib borilayotgan ishlar hamda bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik darajasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Mutasaddilar amaliyotchi talabalar tomonidan olib borilayotgan dars mashg‘ulotlarini bevosita kuzatib, o‘quv jarayoni, sinf bilan ishlash uslubi va metodik yondashuvlarga alohida e’tibor qaratdilar.
Talabalarning dars jarayonidagi faolligi, nazariy bilimlarini amaliyotga to‘g‘ri tatbiq eta olishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llashi hamda o‘quvchilar bilan to‘g‘ri va samarali muloqot o‘rnatish borasidagi ko‘nikmalari ijobiy baholandi. Shuningdek, ularning kasbga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi, tashabbuskorligi va ijodkorligi alohida e’tirof etildi.
Tashrif doirasida 407-guruh talabalari tomonidan O‘zbek tili fanidan “Bilasizmi?” mavzusida tashkil etilgan ochiq dars ham kuzatildi. Mazkur ochiq dars jarayonida darsning tuzilishi, interfaol metodlardan foydalanish, o‘quvchilar faolligini oshirishga qaratilgan usullar hamda mavzuning qiziqarli tarzda yoritilishi mutasaddilar tomonidan ijobiy baholandi. Dars yakunida ochiq dars yuzasidan atroflicha tahlil qilinib, talabalarga metodik va kasbiy jihatdan muhim tavsiyalar berildi.
Mazkur amaliy tashrif talabalarning pedagogik amaliyotini yanada samarali tashkil etish, ularning kasbiy mahoratini oshirish, mustaqil dars o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda kelgusida malakali pedagog kadrlar yetishtirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

