Yangiliklar

img
Thu, 11/17/2022 - 16:09

O‘zMTRK tarixi, buguni va kelajagi

 Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi  tarixi, rivojlanish bosqichlari va  bugungi kundagi faoliyatiga oid uchta kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi taniqli ijodkorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borayotgan professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi: zamon bilan hamqadam” nomli kitob-albomi OʻzMTRKning tarixi va bugungi kundagi faoliyatiga bagʻishlangan boʻlib, asosan, tarixiy fotosuratlar va aniq fakt va raqamlar yordamida tizimdagi teleradiokanallar va korxonalarning rivojlanish bosqichlari, mustaqillik yillarida qoʻlga kiritilgan yutuqlar, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar aks etgan. 
“Televideniye mening taqdirimda” nomli ilmiy-ommobop toʻplamda oʻzbek teleradiojurnalistikasi tarixi va buguniga oid turkum maqolalar, shuningdek, esse, ocherk va badialar jamlangan.  OʻzMTRK tizimida faoliyat olib borgan ustoz jurnalist va rejissyorlar, tasvirchi va prodyusserlar, shuningdek, texnik xodimlarning goʻzal xotiralari oʻrin olgan. Jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan talabalar va keng kitobxonlar uchun moʻljallangan mazkur toʻplamdan yosh ijodkorlar – jurnalist va rejissyorlarning ham fikr-mulohazalari, esse va badialari oʻrin olgan. 


 “Radio va televideniye” nomli kitobda teleradio jurnalistikasining tadrijiy taraqqiyot bosqichlari, janr xususiyatlari hamda oʻz davrida mazkur sohaga ulkan hissa qoʻshgan va qoʻshayotgan jurnalist, rejissor, diktor-boshlovchilar hayoti va ijodi, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan davlat va nodavlat teleradiokanallar haqida soʻz boradi. 


Soʻz olganlar mazkur kitoblarning ahamiyati juda yuqori ekanini eʼtirof etishdi. 


Taqdimotda bugungi kunda koʻpgina oliy oʻquv yurtlari, ilmiy tadqiqot markazlari, nodavlat tele va radikanallar xodimlari, ilmiy muassasalarining koʻplab mustaqil izlanuvchilari OʻzMTRK bilan doimiy ilmiy hamkorlik qilish istagini bildirayotgani, keyingi yillarda nafaqat kompaniya xodimlari, balki, turli ilmiy muassasa tadqiqotchi-olimlari tomonidan  koʻplab  ilmiy-monografik asarlar nashr etilayotganligi alohida qayd etib oʻtildi.