Yangiliklar

img
Fri, 09/25/2026 - 10:22

O‘zbekiston va Turkiya: adabiyot, tarjima va mushtarak ma’naviy meros

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarni rivojlantirish, mushtarak ma’naviy merosni targ‘ib etish hamda adabiy tarjimaning xalqlar o‘rtasidagi muloqotdagi o‘rniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Yunus Emro instituti prezidenti Prof. Dr. Selim Argun, ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova, Yunus Emro instituti Toshkent vakolatxonasi vakillari, olimlar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirning kirish qismida mehmonlar tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar, bugungi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari hamda adabiyot va tarjimaning xalqlarni yanada yaqinlashtirishdagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kirish so‘zida bugungi uchrashuvni O‘zbekiston va Turkiyani asrlar davomida bir-biriga yaqinlashtirib kelgan mushtarak tafakkur, til, adabiyot va ma’naviy xotiraning yana bir ifodasi sifatida baholadi. Shuningdek, “Moturidiyning tafakkur dunyosi” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi, Yunus Emro va Alisher Navoiy ijodidagi insonparvarlik, muhabbat, ma’rifat va komillik g‘oyalarining mushtarakligi, Yunus Emro instituti Toshkent vakolatxonasining universitet hududidagi faoliyati alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida “Moturidiyning tafakkur dunyosi”, “Yunus Emro devoni” asarlarining o‘zbek tilidagi tarjimalari taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, kitobni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar e’tiboriga Yunus Emro institutining “Turk madaniyatidan barglar” nomli ko‘rgazmasi ham havola etildi. Ko‘rgazmada Turkiyaning boy madaniy merosi, san’ati va an’analarini aks ettiruvchi namunalar namoyish qilindi.

Tadbirning yana bir muhim qismi TEDA dasturi ko‘magida o‘zbek tiliga tarjima qilingan zamonaviy va mumtoz turk adabiyoti asarlari taqdimotiga bag‘ishlandi. Ushbu loyihalar orqali turk adabiyotining sara namunalari o‘zbek kitobxonlariga yetkazilayotgani, tarjima esa ikki xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, “Turkiya-O‘zbekiston madaniy aloqalarida adabiy tarjimalarning kalit roli” mavzusida panel muhokamasi tashkil etildi. Unda Prof. Dr. Shaban Ali Duzgun, ToshDO‘TAU dotsenti Abdumurod Tilavov hamda Kutubxonalar va nashriyotlar bosh direktori Taner Beyo‘g‘lu ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Muhokamada badiiy tarjimaning ikki mamlakat adabiy aloqalarini rivojlantirishdagi o‘rni, mumtoz va zamonaviy turk adabiyoti namunalarini o‘zbek kitobxonlariga yetkazish, o‘zbek adabiyotini Turkiyada targ‘ib qilish hamda tarjima orqali xalqlarning ma’naviy merosini o‘zaro anglash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy, ilmiy va adabiy hamkorlikni yanada kengaytirish, tarjima loyihalarini rivojlantirish, ikki mamlakat adabiy merosini o‘zaro targ‘ib qilish hamda ta’lim va ilmiy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.