Yangiliklar

img
Thu, 04/27/2023 - 00:29

Oʻzbekiston va Polshada oliy taʼlimni rivojlantirish strategiyalari

2023-yilning 26-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan “Oʻzbekiston va Polshada oliy taʼlimni rivojlantirish strategiyalari” mavzusiga bagʻishlangan Oʻzbekiston-Polsha oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. 
Unda Oʻzbekiston tomonidan 30 tadan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Polsha tomondan Taʼlim va fan vaziri Pshemislav Charnek, Polshaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Radoslav Gruk, Polsha oliy taʼlim muassasalari rektorlar Kengashi prezidenti Arkadius Mezyuk va 10 dan ziyod oliy taʼlim muassasasi rektorlari oʻz maʼruzalari bilan qatnashishdi. 
Konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ham ishtirok etib, anjuman qatnashchilariga universitetimiz haqida taqdimot qildi.
Polshaning Poznan shahrida joylashgan Adam Mikievitz universiteti rektori Bogumila Kanievska o'zi rahbarlik qilayotgan OTMda o'zbek tili o'qitilishini va ToshDO'TAU bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish niyatida ekanligini qayd etdi. O'z navbatida universitetimiz vakili yozgi maktabga polshalik yoshlarni jalb qilish, o'zbek tili, madaniyati bilan ularni yaqinroq tanishtirish taklifini bildirdi. 
Bundan tashqari Gdansk universiteti rektori Piotr Stepnovski bilan suhbatda Erasmus loyihalarini hamkorlikda tayyorlash, maqsadli dasturlarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi. 


Ma'lumot o'rnida shuni aytish kerakki,  Polshaning Bialstok universiteti bilan ToshDO'TAU o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan va Erasmus loyihasi doirasida uch nafar pedagog xodimlar almashinuvi yo'lga qo‘yilgan.  Shu kungacha universitetimizning uch nafar professor-o‘qituvchisi Bialstok universitetida malaka oshirib qaytgan, o‘z navbatda polshalik o‘qituvchilar ham universitetimizda tajriba almashganlar. 


Maʼruzalarda Polshaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida Oʻzbekiston oliygohlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy gʻoyalar hamda ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka tarqatish kabi masalalar oʻrin oldi.