Yangiliklar

img
Mon, 10/27/2025 - 19:33

“O‘zbekiston va jahon” mavzusida navbatdagi “Kelajak soati” darsi o‘tkazildi

Universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori G. A. Jurayeva tashabbusi bilan “O‘zbekiston va jahon” mavzusida navbatdagi “Kelajak soati” darsi tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalarda O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, roli va ahamiyatini chuqur anglatuvchi ta’lim berish, mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlik yo‘nalishlari bilan tanishtirish hamda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat edi.

Dars chog‘ida G. A. Jurayeva nafaqat O‘zbekistonning global maydondagi o‘rni haqida ma’lumotlar berdi, balki talabalarga ushbu jarayondagi o‘zlarining mas’uliyatini his qilishlari zarurligini ta’kidladi. U vatan tushunchasini faqat xaritadagi hudud bilan cheklab qo‘ymaslik, balki uni tarix, madaniyat, orzu-intilish va kelajak bilan bog‘liq umumiy qadriyat sifatida anglash muhimligini qayd etdi.

Ma’ruzada axborot texnologiyalari, global iqtisodiy munosabatlar va xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi. G. A. Jurayeva so‘zlaricha, “bularning barchasi O‘zbekistonni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omillardir va Sizning har bir g‘oyangiz, har bir tashabbusingiz, har bir kichik mehnatingiz mamlakatimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladi.” U, shuningdek, dunyo bilan tenglashish va ba’zi sohalarda yetakchilik qilish — faqatgina davlat siyosati emas, balki har bir fuqaroning, xususan talabalarning burchi ekanligini ta’kidladi.

Tadbir davomida talabalarga global jarayonlarni tushunish, xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va raqobatbardosh muhitda faol fuqarolar sifatida shakllanish bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi. Dars o‘quvchilar orasida savol-javoblar va fikr almashish shaklida davom etdi, natijada ishtirokchilar o‘zlarining tashabbus va g‘oyalarini mamlakatning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlariga qanday hissa qo‘sha olishi haqida yondashuvlarni muhokama qildilar.