Oʻzbekiston-Qirgʻiz Respublikasi oliy taʼlim muassasalari rektorlarining I xalqaro forumi
2023-yilning 3-4-oktabr kunlari Qirgʻizistonning Oʻsh shahri B.Sidiqov nomidagi Qirgʻiz-Oʻzbek universitetida “Oliy taʼlim tizimida integratsiya, hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusidagi Oʻzbekiston-Qirgʻiz Respublikasi oliy taʼlim muassasalari rektorlarining I xalqaro forumi o'tkazildi. Qirg‘iz Respublikasi bilan konstruktiv, serqirra hamda o‘zaro manfaatli muloqot O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, juda qisqa vaqt ichida ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha tarixiy qadamlar tashlandi. Ikki tomonlama munosabatlar ijobiy tarafga siljib, aniq amaliy mazmun bilan boyimoqda. Bu hamkorlik ta'lim sohasida ham yangi bosqichga ko'tarildi. Ushbu forum ana shu hamkorlikning yana bir samarasi o'laroq tashkil etilmoqda. Forumda universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

Forum doirasida ToshDO'TAU bilan Qirg'iz Respublikasining 6 ta OTMi o'rtasida hamkorlik shartnomalari tuzildi.  Botken davlat universiteti bilan talabalar (bakalavr, magistr, ilmiy tadqiqotchilar) akademik almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘yish va faollashtirish, o'qituvchilar stajirovkasini tashkil etish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari Karasayev nomidagi Bishkek gumanitar universiteti bilan ilmiy, o'quv-uslubiy yo'nalishlarda hamkorlik o'rnatildi. Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iziston milliy universiteti bilan ilmiy salohiyatni yana-da oshirish bo'yicha, T.Sodiqov nomidagi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Badiiy Akademiyasi qirg‘iz tadqiqotchilar va pedagog xodimlarning o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorligini yanada yaxshilash, ularning ToshDO‘TAUda ilmiy izlanishlar olib borishi uchun imkoniyat yaratish bo'yicha, A.Mirsabekova nomidagi O‘sh gumanitar- pedagogika universiteti bilan  hamkorlikda ilmiy seminarlar, konferensiya va forumlar tashkil etish,  qirg‘izistonlik talabalar uchun ToshDO‘TAUda onlayn va oflayn o‘qish imkoniyatini kengaytirish bo'yicha, B.Sidiqov nomidagi Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti bilan qirg‘iz tadqiqotchilar va pedagog xodimlarning o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorligini yanada yaxshilash, ularning ToshDO‘TAUda ilmiy izlanishlar olib borishi uchun imkoniyat yaratish, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalarning maqolalarini hamkor OTM ilmiy nashrlarida chop etish bo'yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Universitetimizning Qirg'iz Respublikasi O‘sh davlat universiteti bilan hamkorlik o'rnatgani haqida xabar bergan edik. Ushbu hamkorlik samarasi o'laroq, forum mobaynida mazkur universitetda O'zbek tili va amadaniyati markazi ham ochildi. Bu haqda keyingi xabarlarimizda batafsil ma'lumot beramiz.



						 
						
						 
						
						 
						