Yangiliklar

img
Thu, 10/17/2024 - 16:51

"Oʻzbekiston-Ozarbayjon: Yoshlar Ipak yoʻli iqlim forumi" oʻtkazildi

17-oktabr kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida "Oʻzbekiston-Ozarbayjon: Yoshlar Ipak yoʻli iqlim forumi" bo'lib o'tdi. Forum Ozarbayjon Yoshlar jamgʻarmasi, Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi va "Gizilbash" Yoshlar taʼlimi jamoat birlashmasining hamkorlikdagi loyihasi bo'lib, unda Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Mahfuza Ortiqova va boshqa ko'plab mutasaddilar hamda ko'ngilli yoshlar ishtirok etishdi. Iqlim forumi  doirasida yashil dunyo uchun koʻrgazma ham tashkil etildi. Forumda "Gizilbash" yoshlarining  "Yashil dunyo uchun birdamlik yili" doirasida amalga oshirgan ishlari, shuningdek mezbonlik qiladigan COP29 - Tomonlar Konferensiyadan soʻz yuritgan rolik ham namoyish ettirildi. 

 

Aytish kerakki, O'zbekistonda iqlim o'zgarishlari oqibatlarini kamaytirish, tabiatni asrash bo'yicha qator loyihalar tizimli amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham Suvni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishi mavjud.  Unga ko'ra 14 ta hududda ekologik toza hudud rejimini joriy qilish, 14 ta qarovsiz hayvonlarni saqlash faoliyati bilan shugʼullanuvchi pitomniklar yaratish, har yili “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 200 million tup daraxt ekib borish, 2030-yilga kelib yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 30 million tup koʼchatdan iborat “yashil belbogʼ”lar barpo etish, respublikada oʼrmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, Orolboʼyi mintaqasidagi oʼrmonzorlarni esa 2,3 million gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qoʼshimcha 800 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, ularning umumiy hajmini 3,5 million gektarga yoki hududning 85 foiziga yetkazish, qattiq maishiy chiqindilarni toʼplash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish maqsad qilingan. Bu maqsadlarni amalga oshirishda oliy ta'lim muassasalarining ko'ngilli yoshlarini rag'batlantirish, shu yo'nalishdagi ishlarni takomillashtirishda universitetlarning roli ham muhokama qilindi. Har bir universitet o'z oldiga sifatli ta'lim va samarador ilmiy faoliyatdan tashqari ijtimoiy faollik va barqaror rivojlanish bo'yicha maqsadlarni ham qo'yishi zarur. Shunday maqsadlardan biri , shubhasiz, ekologik madaniyatni yuksaltirish va tabiatni asrashdan iboratdir.

 

Mazkur forumni tashkil etish uchun aynan Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU tanlangani bejiz emas. Chunki universitet bu yo'nalishda ko'plab takliflarni ilgari suradi va natijakor faoliyat olib boradi.