O‘zbekiston – Ozarbayjon: adabiy aloqalar va hamkorlik istiqbollari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va universitet huzuridagi Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi hamkorligida 2025-yil 26-sentabr kuni xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari tarixi, adabiy an’ana va ta’sir, ilmiy hamkorlik yo‘nalishlaridagi ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirda universitet kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy adabiy merosi haqida ma’ruza qildi. U Navoiyning Nizomiyga bergan ta’rifi, “ganja” va “nizom” so‘zlaridagi ramziy ma’nolar, abjad hisobidagi 1001 raqami orqali ifodalangan ehtirom haqida ilmiy tahlil berdi.
Ozarbayjon Ilmlar akademiyasi Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Kerimli esa ozarbayjon adabiyotining o‘zbek olimlari tomonidan o‘rganilishi borasidagi ilmiy yondashuvlar haqida so‘z yuritdi.
Kafedra professori, filologiya fanlari doktori Ilyos Ismoilov “Nizomiy “Xamsa”siga Alisher Navoiyning munosabati” mavzusida ma’ruza qilib, Navoiy ijodida Nizomiyga berilgan yuqori bahoni she’riy parchalar misolida sharhladi.
Konferensiyada shuningdek, Ozarbayjon Ilmlar akademiyasi Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Lola Azizzoda ham ishtirok etdi.
Tadbir yakunida Fuzuliy ilmiy tadqiqot markazi faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha namoyish qilindi.
Xulosa o‘rnida, konferensiyada ikki xalqning adabiy merosidagi mushtaraklik, ilmiy va madaniy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Bunday tadbirlar o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash va kelgusidagi hamkorliklarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

