O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 3-oktabr kuni “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar orasida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va milliy iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida talabalar shaxmat-shashka musobaqalarida faol ishtirok etib, o‘zlarining mantiqiy fikrlash qobiliyati va intellektual salohiyatini namoyon etdilar. Mazkur musobaqalar yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jamoaviylik va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi.
Shuningdek, hunarmandchilik ko‘rgazmasida talabalar milliy kasb-hunarlar, ularning yaratilish jarayoni, naqsh va bezaklarning ma’no-mazmuni bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan kasb-hunar namunalarining namoyishi yoshlarning estetik didini, ijodiy fikrlashini hamda madaniy ongini boyitdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan madaniy tomoshalar, sahna chiqishlari va qo‘shiqlar orqali ishtirokchilarga xalqimizning bag‘rikenglik, totuvlik va do‘stlikka asoslangan qadriyatlari targ‘ib qilindi. Yoshlar o‘z chiqishlari orqali Vatan ravnaqi, millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyalariga bo‘lgan chuqur hurmat va sadoqatlarini ifoda etdilar.
Shuningdek, tadbir jarayonida talabalarga O‘zbekistonning ko‘p millatli jamiyati, mamlakatimizda turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, diniy erkinlik va bag‘rikenglik siyosati haqida ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan suhbatlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, ular orasida o‘zaro hurmat va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar taqdirlanib, ular uchun esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv yoshlar qalbida milliy iftixor, vatanparvarlik, bag‘rikenglik va totuvlik g‘oyalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

