Oʻzbekiston-Italiya ta’lim forumi natijalari
2024-yilning 24-sentabr kuni Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi oʻtkazildi. Forumda Oʻzbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini boshchiligida bir qator OTM rahbarlari ishtirok etishdi.
Xususan, Italiyaning Turin politexnika, Venetsiyaning Ka-Foskari, Bolonya, Piza, Bikokka Milan, Roma Tre, Tushsha va Siyena universitetlari kabi 20 dan ortiq yetakchi oliy o‘quv yurtlari, O‘zbekiston tomonidan esa 46 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektor va prorektorlari qatnashdilar. Yalpi majlis davomida bir qator rektorlar Oʻzbekiston va Italiya oliy ta’lim tizimi, sohadagi soʻnggi yangiliklar haqida ma’ruza qildilar. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori akademik Shuhrat Sirojiddinov “Milliy tillarni o‘rganish, o‘qitish va ommalashtirish sohasida samarali va innovatsion usullarni qo‘llash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish” mavzusida ma’ruza qildi. Bu ma’ruza davomida soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻzbek tilining nufuzini oshirish, uning qoʻllanish doirasini kengaytirish va targʻib etish boʻyicha imzolangan qaror hamda farmonlar, ularning ijrosi, oʻzbek tilini oʻqitishning uzluksizligi, tizimlashtirilgani, davlat tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlash borasida natijalar, oʻzbek tilini oʻqitishning takomillashuvi singari muhim nuqtalar tilga olindi. Akademik oliy ta’lim muassasalarining oldida turgan muhim vazifalar, ijtimoiy fanlarni oʻqitish va jamiyat hayotini oʻzgartirishga qoʻshayotgan universitetlarning hissalari haqida gapirib, bu borada Oʻzbekiston va Italiya OTMlarining hamkorligi gʻoyat muhimligini qayd etdi.

Forum doirasida ikki davlat universitetlari o‘rtasida bir qator qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishga oid hamkorlik shartnomalari imzolandi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti oʻrtasida shartnomalar imzolandi. Ka-Foskari universiteti va ToshDOʻTAU oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari ancha oldin yoʻkga qoʻyilgan boʻlib, ikki OTM hamkorlikda Erasmus+ dasturi doirasida yirik loyihani amalga oshirib kelmoqdalar. Italiyaxagi hamkor universitet professori Elizabet Raganin bir necha bor ToshDOʻTAUda boʻlib, talaba va tadqiqotchilarga ma’ruza mashgʻulotlari olib borgan. Shuningdek, har ikki universitet olimlari hamkorlikda “Boburnoma” va Bobur ijodiga doir yirik platforma yaratish boʻyicha izlanishlar olib borishmoqda.

Bugungi imzolangan shartnoma koʻra talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, pedagoglar malakasini oshirish, universitetlararo hamkorlik, ilmiy tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va sohaning boshqa muhim masalalari yuzasidan yaqin aloqalar oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

