Yangiliklar

img
Tue, 11/18/2025 - 13:55

O‘zbekiston bayrog‘i — milliy g‘ururimiz va mustaqillik timsoli

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” doirasida Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamola Abdurazzaqova tomonidan “O‘zbekiston bayrog‘i” mavzusida keng qamrovli ma’rifiy mashg‘ulot o‘tkazildi. Tadbirda bayrog‘imizning tarixiy ildizlari, undagi rang va ramzlar mazmuni, davlat ramzi sifatidagi maqomi hamda unga nisbatan hurmat va e’tibor masalalari atroflicha yoritildi.

Mashg‘ulot davomida talabalarga bayroqning yaratilish tarixi, unda aks etgan moviy rangning osmon va tinchlik timsoli ekanligi, oq rangning poklik va ezgulikni ifodalashi, yashil rangning esa tabiat, yangilanish va yashnash ramzi ekani tushuntirildi. Yarim oy va yulduzlar esa xalqimizning tarixiy qadriyatlari, ma’naviyati, milliy o‘zligining uzviy davomiyligini anglatishi alohida ta’kidlandi.

Kamola Abdurazzaqova O‘zbekiston bayrog‘i nafaqat davlat suverenitetining ramzi, balki butun turkiy olamni birlashtiruvchi ulkan ma’naviy kuch ekanini, unda xalqimizning shonli o‘tmishi, bugungi bunyodkorlik yo‘li va buyuk kelajakka bo‘lgan ishonchi mujassamligini qayd etdi.

Mashg‘ulotda, shuningdek, bayroqqa nisbatan hurmat va ehtirom ko‘rsatish qoidalari, davlat ramzlaridan foydalanish tartibi, bayroqni ko‘tarish, osib qo‘yish hamda rasmiy tadbirlarda qo‘llash bo‘yicha amaldagi me’yorlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Talabalarga bayroqqa hurmatsizlik bilan bog‘liq holatlar, ularning huquqiy oqibatlari, shuningdek, milliy ramzlarga beparvolikning ma’naviy zararli jihatlari borasida ham tushunchalar berildi.

Dars jarayonida talabalar bayroqni qadrlash va unga munosib e’tibor bilan qarash — yurtga bo‘lgan hurmatning muhim ko‘rinishi ekani, davlat ramzlariga sadoqat esa yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda katta ahamiyatga ega ekanini his etishdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bayrog‘imizning ma’nosi va mohiyatini yanada chuqurroq anglashga xizmat qilgan ushbu mashg‘ulot uchun minnatdorlik izhor etdilar.