Yangiliklar

img
Thu, 09/17/2026 - 12:35

“O‘zbekcha–ruscha–inglizcha so‘zlashgich” nashrdan chiqdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari S. Muhamedova, D. Xidoyatova, Y. Shirinova hamda tayanch doktorant F. Xamidullayeva tomonidan “O‘zbekcha–ruscha–inglizcha so‘zlashgich” nomli amaliy qo‘llanma tayyorlanib, nashr etildi.

Nashr O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etilgan.

Uch tilda — o‘zbek, rus va ingliz tillarida tuzilgan so‘zlashgich o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijiy fuqarolar, O‘zbekistonga turli maqsadlarda tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar, talabalar, tadqiqotchilar hamda kundalik muloqotda o‘zbek tilidan foydalanishga ehtiyoj sezadigan kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.

Qo‘llanmada kundalik hayotda keng qo‘llanadigan so‘z, so‘z birikmalari va iboralar uch tilda berilgan. Unda salomlashish va tanishish, murojaat qilish, yo‘l so‘rash, transportdan foydalanish, savdo-sotiq, ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish, ta’lim hamda boshqa maishiy vaziyatlarda zarur bo‘ladigan kommunikativ birliklar jamlangan.

So‘zlashgichning amaliy yo‘nalishi foydalanuvchiga kerakli so‘z va iboralarni tez topish, ularning rus va ingliz tillaridagi muqobillarini aniqlash hamda kundalik muloqotda to‘g‘ri qo‘llash imkonini beradi. Shu jihatdan nashr o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish va o‘rganish jarayonida ham qo‘shimcha amaliy manba sifatida foydalanish uchun qulay.

Mazkur nashr universitetda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish, uning targ‘ibotini kuchaytirish va o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy faoliyatning navbatdagi natijalaridan biridir.