Yangiliklar

img
Tue, 04/16/2024 - 12:46

O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi: ta’lim nazariyasi va amaliyoti

2024 -yil 12- yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  19-sonli Qarori qabul qilindi. Shak-shubhasiz, mazkur qarorning ahamiyati, Vatanimiz, millatimiz taqdirida  tutgan o‘rni beqiyosdir.  
Qarorning tegishli  bandlarida begilangan vazifalar  xorijiy davlatlardagi ta’lim va ilmiy tashkilotlarda talaba yoshlar, olimlar va tadqiqotchilarga O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish tizimini tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish, mamlakatimiz nufuzini yanada oshirish hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlarni xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, mazkur vazifalar  ijrosi o‘zbek tilining dunyo miqyosida ommalashuviga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur Qarorning amaliy  ijrosi sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’limi kafedrasi tomonidan “O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi: ta’lim nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda. Unda xorijdagi OTMlarda o‘zbek tilidan dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi chet ellik hamkorlarimiz, xususan, AQSh, Rossiya,  Xitoy, Koreya, Turkiya,  Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlarda o‘zbek tili ta’limi bilan shug‘ullanayotgan  hamda mamlakatimizda xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatayotgan   mutaxassislar, o‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’limi sohasida OTMlarda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, shu yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan ilmiy xodim, doktorant, magistrant va tahsil olayotgan talaba yoshlar  qatnashmoqda. Anjuman dasturi bilan tanishar ekanmiz, unda o‘zbek tilini xorijda o‘qitish bo‘yicha tajribalar, uning innovatsion metodlari,  ko‘p tillilik muhitida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish masalalari, o‘zbek tilini  O‘zbekistonda  ta’lim olayotgan, yashayotgan xorijliklarga  o‘qitish, o‘rgatish masalalari, shuningdek, o‘zga tilli guruhlarda  o‘zbek adabiyotini o‘qitish muammolari muhokama qilinishi  nazarda tutilganini kuzatamiz. Bu masalalarning  bugungi kun uchun o‘ta dolzarb ekanligini ta’kidlash zarur. 

 

Bugungi anjumanning amaliy natijasi sifatida  o‘zbek tilining  xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirish,  xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish, xorijiy davlatlar OTMda o‘zbek tilidan dars berayotgan  professor-o‘qituvchilar, faoliyat ko‘rsatyotgan O‘zbek tili va madaniyati markazlari xodimlari bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ular bilan tajriba almashish ishlari yanada jonlanadi, mukamallashadi.