Yangiliklar

img
Fri, 04/03/2026 - 17:14

O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari amaliyot jarayoni o‘rganildi

O‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat kunduzgi ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalarining malakaviy (o‘quv-tanishuv) amaliyoti jarayonini o‘rganish va uning sifat darajasini baholash maqsadida Toshkent shahridagi bir qator umumta’lim muassasalariga tashriflar amalga oshirildi. Jumladan, Mirobod tumanidagi 328-sonli umumta’lim maktabi hamda Yakkasaroy tumanidagi 160-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tgan ushbu tashriflar davomida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, amaliyotning tashkiliy jihatlari va o‘quv jarayonining samaradorligi atroflicha o‘rganildi.

Tashrif davomida Amaliyot bo‘limi boshlig‘i Sh.Xalilov hamda Amaliyot bo‘limi bosh mutaxassisi A.Sodig‘aliyev tomonidan amaliyot jarayonining borishi bevosita kuzatildi. Xususan, talabalar uchun ajratilgan dars soatlari, ularga biriktirilgan ustoz-murabbiylar faoliyati, metodik yordamning yo‘lga qo‘yilganligi hamda ta’lim jarayoniga integratsiyalashuv darajasi tahlil qilindi. Shu bilan birga, o‘quv mashg‘ulotlarining sifat ko‘rsatkichlari, talabalar tomonidan qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish holatlari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Shuningdek, tashrif doirasida talabalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlar davomida ularning amaliyot jarayonida egallayotgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalari, dars o‘tish jarayonidagi faolligi, o‘quvchilar bilan ishlash tajribasi hamda kasbga bo‘lgan qiziqishi yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar amaliyot jarayonini yanada takomillashtirishda muhim omil sifatida qayd etildi.

 

Mazkur tashriflar nafaqat amaliyot jarayonining holatini o‘rganish, balki mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi. Shu bilan birga, bu kabi monitoring ishlari talabalar bilimini mustahkamlash, ularning pedagogik mahoratini oshirish hamda kelgusida amaliyotni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

 

Kelgusida ham bu kabi tashriflarni tizimli ravishda davom ettirish, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda talabalarning amaliy tajribasini boyitishga qaratilgan chora-tadbirlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.