
O‘zbek tili va adabiyoti ta’limining zamonaviy yondashuv va yo‘nalishlari
2025-yil 7-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida “O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasi tomonidan Yakkasaroy tumani 127-maktabda “O‘zbek tili va adabiyoti ta’limining zamonaviy yondashuv va yo‘nalishlari” mavzusida ta’limiy forum tashkil etildi.
Forumda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Mustafoyeva Dilfuza Ne’matulloyevna, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Egamqulov Elyor Mamatqulovich, universitetning “O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari professor Klara Mavlonova, dotsent Sanobar Kuldasheva, dotsent Dilafruz Hidoyatova, X.Qodirova, T.Yusupova, D.Hidoyatova va S.Kuldasheva, shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi barcha umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti hamda o‘zbek tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni 127-maktab direktori Ra’no Bahodirovna Xodjixonova ochib berdi. Forum davomida “Ona tili” darsliklari mualliflari — pedagogika fanlari doktori (DSc), professor Klara Mavlonova, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sanobar Kuldasheva, hamda pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Dilafruz Hidoyatova yangi nashr etilgan 8–9-sinf “Ona tili” darsliklarining mazmun-mohiyati va ta’lim jarayoniga tatbiqi yuzasidan ma’ruza qilishdi.
Ma’ruzalardan so‘ng ishtirokchilar darsliklarga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, savol-javoblar orqali yangi tajriba va metodik yondashuvlar bilan tanishdilar.
Forum yakunida Yakkasaroy tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva so‘zga chiqib, tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi. U Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasida qabul qilingan qator huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida bunday forumlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Tadbir maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan kuy-qo‘shiqlar va raqslardan iborat badiiy chiqishlar bilan yakunlandi. Forum tinglovchilarda katta taassurot qoldirib, kelgusida hamkorlikdagi ta’limiy loyihalarni davom ettirish borasida kelishuvga erishildi.